Turkiya Turkmanistonning iltimosiga binoan turkmanistonliklar uchun vizasiz rejimni bekor qildi. Bu haqdagi qaror 13 sentabr kuni prezident Rejep Tayyib Erdo‘g‘on tomonidan imzolandi, deb xabar bermoqda Turkiya Respublikasining rasmiy gazetasi.

Hujjat bilan Turkiya Vazirlar kengashining 2007 yil 19 iyuldagi fuqarolik pasportiga ega bo‘lgan turkmanistonliklarning Turkiyada 30 kungacha turistik maqsadlarda vizasiz qolishi mumkinligi haqidagi qarori bekor qilingan.

Avvalroq Turkmaniston hukumatining o‘zi turkmanistonliklar uchun vaqtinchalik viza rejimini joriy etish iltimosi bilan Turkiya hukumatiga murojaat qilgan edi. So‘rov «Turkmaniston fuqarolarining Turkiya Respublikasida bo‘lish qoidalarini tizimli asosda takomillashtirish va qo‘llab-quvvatlash» maqsadlari bilan asoslantirilgan.

Turkmaniston fuqarolari uchun Turkiyaga viza berish bilan Gateway International turk firmasi shug‘ullanadi. Turkmen.news manbalariga ko‘ra, kompaniya oilaviy, mehmon, talaba va turistik vizalar uchun hujjatlarni qabul qiladi. Turistik va mehmon vizalari uchun Turkiya fuqarolaridan taklifnomalar talab qilinadi. Vizaning o‘zi 85 dollar, sug‘urta esa 65 dollar turadi.

«Xronika Turkmenistana» nashrining ma’lum qilishicha, turk rasmiylari viza rejimi joriy etilishiga qarshi bo‘lgan. Vitse-prezident Fuat Oktay 1 iyul kuni Ashxobodda Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan uchrashuvda Anqara hech kimni cheklamoqchi emas, chunki «butun turkiyzabon dunyo bizga erkin, vizasiz keladi» degan edi.

COVID-19 pandemiyasidan oldin Turkiya Turkmaniston bilan bir vaqtda vizasiz rejim va to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni amalga oshirgan yagona davlat edi. Buning sharofati bilan Turkiya turkman mehnat migratsiyasi uchun eng ommabop manzilga aylandi.

«Nastoyaeye vremya»ning yozishicha, Turkiya tomonidan Turkmaniston fuqarolari uchun viza rejimi joriy etilishi xalqaro havo qatnovi qisman ochilgandan so‘ng u yerga pul ishlash uchun bormoqchi bo‘lgan yuz minglab turkman muhojirlari va mamlakatning minglab aholisiga ta’sir qiladi. U yerda ham 20 mingga yaqin turkman talabalari tahsil oladi.