Farg‘ona viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning madaniyat va san’at mas’ullari, teatrlar rahbarlari, viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari, san’atkorlar, so‘z ustalari, yosh ijodkorlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Tadbirda viloyat rahbari aholi kayfiyatini ko‘taruvchi bayram tadbirlarini, turli madaniy-ma’rifiy kechalarni ko‘paytirish lozimligi ta’kidladi. Viloyat madaniyat va san’at sohasini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha qator tashabbus va vazifalarni e’lon qildi.

«Xususan, viloyat hokimining o‘rinbosari Fayzullo Qosimov rahbarligidagi ishchi guruh a’zolari har bir viloyat bayram tadbiri uchun yangi g‘oyalar, dasturlar, takliflarni o‘rtaga tashlab, biri boshqasini takrorlamaydigan ssenariylar ishlab chiqish uchun mas’ul bo‘ladi. Bundan buyon Farg‘ona viloyatida o‘tkaziladigan barcha tadbirlarda sahnaga chiqadigan qo‘shiqchilar va qo‘shiqlar ochiq tanlov asosida tanlab olinadigan bo‘ldi», — deyiladi xabarda.

Hokimlikka ko‘ra, viloyat rahbarining Farg‘onada viloyat bayram tadbirlarida fonogrammada qo‘shiq aytish taqiqlanishi, ijrochilar sahnada cholg‘uchilar bilan birga jonli ijroda kuylashi borasidagi ko‘rsatmasi san’at ahli tomonidan ma’qullandi. Kelgusi yildan boshlab Farg‘onada va Qo‘qonda respublika teatrlari festivali, shuningdek, respublikadagi va qo‘shni davlatlardagi rus teatrlari festivali o‘tkazilishi belgilab berildi.

Shuningdek, viloyatda yashab o‘tgan buyuk san’atkorlar xotirasiga bag‘ishlangan San’at haftaliklari, oyliklari tashkil etiladigan bo‘ldi. Viloyat bo‘ylab milliy festivallar, sayllar, xalq o‘yinlari, so‘z san’ati tadbirlari o‘tkazilishi belgilandi.