2014 yildan buyon Rossiya xorijdagi siyosiy ta’sirini oshirish maqsadida yigirmadan ortiq mamlakatlardagi siyosiy partiyalar, nomzodlar va alohida siyosatchilarga kamida 300 million AQSh dollari yo‘naltirgan. Bu haqda Associated Press, CNN, Reuters, The New York Times, The Washington Post va boshqa nashrlar AQSh prezidenti ma’muriyatining ismi oshkor etilmagan yuqori lavozimdagi amaldorlariga tayanib xabar bermoqda.

AQSh razvedkasi Moskva G‘arbdagi demokratik institutlarni zaiflashtirish, shuningdek, Kreml manfaatlariga mos keladigan global siyosiy kuchlarni ilgari surish uchun o‘zining yashirin kampaniyasiga yana yuzlab million dollar sarflashni rejalashtirganini aniqladi.

Reuters manbasining yozishicha, Rossiya hukumati boshqa narsalar qatori o‘ta o‘ng oqimlar va millatchi partiyalarni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilib, bu mamlakatlarning «demokratiyalarini ichkaridan manipulyatsiya qilish» uchun harakat qilgan. Shu bilan birga, agentlik suhbatdoshi Rossiya ta’siri qaysi davlatlarga qaratilganligini aniq aytmadi va maxfiy moliyalashtirish haqidagi da’volarni tasdiqlovchi aniq dalillar keltirmadi.

AQSh razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, pul o‘tkazmalari uchun maxsus kompaniyalar,shirkatlar, fondlar, tahlil markazlari, Rossiya elchixonalari va davlat korxonalari hisoblari va boshqa yo‘llardan foydalanilgan. Mablag‘lar naqd pul, pul o‘tkazmalari, kriptovalyutalar va sovg‘alar ko‘rinishida o‘tkazilgan.

Aytilishicha, operatsiyalar ba’zan Rossiya agentliklari, jumladan FQB, xususiy tadbirkorlar tomonidan nazorat qilingan. Rasmiylarning fikricha, moliyaviy sxemalarda tadbirkor Yevgeniy Prigojin va Rossiya Davlat dumasi raisi o‘rinbosari Aleksandr Babakov ishtirok etgan.

Jurnalistlar manbalarining tasdiqlashicha, bunday moliyalashtirish Albaniya, Chernogoriya, Madagaskar, Bosniya va Gersegovina va katta ehtimol bilan Ekvadorda ham aniqlangan. Bundan tashqari, rasmiylar nomi ochiqlanishini istamagan Osiyo davlati haqida gapirib, u yerda «Rossiya elchisi prezidentlikka nomzodini qo‘ygan shaxsga millionlab dollar naqd pul bergan» deyiladi.

Amerika razvedkasi hisobotida Rossiya Federatsiyasining Qo‘shma Shtatlardagi bunday faoliyati haqida hech narsa aks etmagan.

Joriy yil boshidan beri Oq uy Moskvaning Ukraina bilan bog‘liq rejalari va harakatlariga oid maxfiy ma’lumotlarni qayta-qayta e’lon qildi va AQSh rasmiylari buni «mamlakatda Putinning ambitsiyalarini bo‘g‘ishga urinishning bir qismi» deya atadi.

«Yaqin oylarda Rossiya xalqaro sanksiyalar samaradorligiga putur yetkazish va o‘z ta’sirini saqlab qolish maqsadida Ukrainadagi urush davom etayotgan bir sharoitda, Markaziy va Janubiy Amerika, Afrika, Yaqin Sharq va Osiyodagi yashirin ta’sir vositalariga, jumladan, yashirin siyosiy moliyalashtirishga tobora ko‘proq tayanishi mumkin», — deya yozadi The Washington Post.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays Rossiyaning yashirin moliyaviy operatsiyalarini «suverenitetga hujum» deb hisoblaydi. «Bu butun dunyo bo‘ylab odamlarni o‘z manfaatlari va qadriyatlarini ifodalay oladigan hukumatlarni tanlash imkoniyatidan mahrum etishga urinish», — dedi u.

Davlat departamenti AQShning 100 dan ortiq mamlakatlardagi elchixonalariga razvedka hisobotini yubordi. Unda Rossiyaning yashirin faoliyati haqidagi ma’lumotlarga qo‘shimcha ravishda AQSh va ittifoqchilar Kremlga qarshi kurashish uchun qanday choralar ko‘rishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Bu choralar sanksiyalar, sayohatlarni taqiqlash va josuslik va yashirin siyosiy moliyalashtirishda gumon qilinganlarni chiqarib yuborishni o‘z ichiga oladi.