O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Ozarbayjon-Armaniston chegarasida yuzaga kelgan keskinlikning bartaraf etilganini olqishladi. Bu haqda vazirlik bayonotida xabar berildi.

Keltirilishicha, O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qiluvchi mamlakat sifatida Ozarbayjon-Armaniston chegarasida tinchlikka erishilgani va keskinlik bartaraf etilganini olqishlaydi.

«O‘zbekistonning ishonchi komilki, barcha masalalar va mavjud muammolarni hal qilishning yagona to‘g‘ri yo‘li bu xalqaro huquq asosida va ilgari erishilgan kelishuvlar doirasida tinchlik muzokaralari va maslahatlashuvlar yo‘lidir», — deyiladi bayonotda.

Shuningdek, vazirlik mamlakat nomidan tinchlik shartlariga qat’iy rioya qilinishi, har qanday sharoitda ham vazminlikning namoyon bo‘lishiga umid qilinishi hamda tomonlarni mavjud ahvolni barqarorlashtirish, vaziyatdan chiqish uchun siyosiy va diplomatik muzokaralar olib borishga da’vat etgan.

Eslatib o‘tamiz, 13 sentabrga o‘tar kechasi Ozarbayjon-Armaniston chegarasida harbiy to‘qnashuv yuz bergandi. Tomonlar o‘q otishni boshlaganlikda bir-birini ayblagan.

Ma’lumot uchun, Ozarbayjon va Armaniston prezidentlari shu hafta Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida taklif etilgan mehmon sifatida ishtirok etadi.