Obidjon Rasulovning qorovullar xonasi devoriga bir metrga ikki metr o‘lchamli Ichki ishlar vazirligi logotipi tushirilgan kalendar va «Qorovul kerak» degan yozuvli qog‘oz osib qo‘yilgan.


Uning oldiga birin-ketin odamlar kelib, qaysidir ofisning kalitini so‘raydi. U esa kelganlarning maqsadlarini sinchkovlik bilan o‘rganib, bir «Kalit nima uchun kerak?» deb so‘rasa, bir «Yo‘q» degan javobni beradi. Biroq, u bilan o‘zbek an’anaviy musiqasi haqida suhbatlashishingiz bilanoq ovozidagi «do» darhol «fa»ga o‘zgaradi va go‘yoki hayot notalari yangrashni boshlaydi. Obidjon Rasulovning shunchaki bir qorovul emasligi haqida budkachasidagi tokchalardan birida turgan ikki dona daftar ham aytishi mumkin. Bu daflatlar varaqlarida uning o‘zi yozgan qo‘shiqlar saqlanadi.


Obidjon akaning tomirlarida maqom oqadi. Bolaligidagi «Romantik» magnitofonidan doim o‘zbek artisti Sherali Jo‘rayevning shirali ovozi yangrab turardi. Yosh o‘smir Obidjon radiopriyomnik to‘lqinlari orqali taralayotgan o‘z Vatanining an’anaviy musiqasi — maqom ohanglaridan ham bahra olardi. Sherali Jo‘rayevdan tashqari, o‘smir yigit Isoq Katayev, Muhammadjon Karimov, Ochilxon Otaxonov kabi san’atkorlarning kompozitsiyalarini ham sevib tinglar edi. Obidjon ularning barchasini o‘z ustozlari deb ataydi.

Biroq o‘z otasi va akalarini eng asosiy ustozlari deb hisoblaydi. Bu unga san’at sirlarini o‘rgatganlari uchungina emas, balki o‘z akalarining dutor va rubobdagi ijrolarini soatlab kuzatgani uchun ham shunday. Obidjon bolaligida akalarining ijrolarini kuzatar, ular uyda yo‘q vaqtlari yashirincha rubobni olib, mashq qilardi. Bu ishni shu qadar ishtiyoq bilan bajarar ediki, hatto tez-tez torlarini uzib qo‘yar, buni payqagan akasidan tayoq ham olardi.


Shunday bo‘lsa ham, bu uning musiqaga bo‘lgan qiziqishini so‘ndirmadi. Obidjon «Romantik»ni tinglashda davom etar, qo‘shiq aytishni o‘rganish maqsadida Sherali Jo‘rayevning qo‘shiqlarini kassetaga yozib oladi. Vaqt o‘tishi bilan akalari uni tuzatib bo‘lmasligini tushunishdi. Ular qila oladigan yagona narsa unga to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq berish edi. Sakkizinchi sinfda Obidjon o‘qishni musiqa bilan uyg‘unlashtirdi: akalari bilan to‘ylarda chiqish qila boshladi. Va ulardan birining to‘yida u qo‘shiq kuyladi, buni faxr bilan eslaydi.

Obidjon Rasulov xalq artisti sifatidagi yo‘lini O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida davom ettirishga qaror qildi. Yosh Rasulov dutor, rubob, doira va fortepiano chalishni allaqachon o‘rganganiga qaramasdan, musiqa yo‘nalishini emas, balki ma’muriy-ijodiy yo‘nalishni tanladi va shu bois madaniy-ma’rifiy ishlar fakultetiga o‘qishga kiradi. Birinchi yildan so‘ng yigit haligacha xotirasidan chuqur o‘rin egallagan Leningrad shahriga armiyaga xizmat qilish uchun yuborildi.

Obidjon Rasulov skripka va tor chalishni ham biladi.

O‘zbek madaniyatida maqom musiqa janri deb hisoblaniladi. Musiqashunos, fan doktori Aleksandr Jumayev o‘zining onlayn ma’ruzasida maqomni «kanonlashtirilgan (qoidalashtirilgan — tarj.) metodik musiqalar tizimi» deb tushuntiradi. Maqomning bir turi sanalgan «shashmaqom» atamasini tez-tez eshitish mumkin. Biroq Aleksandr Jumayev o‘z intervyularidan birida aniqlik kiritganidek, Buxoro shashmaqomi va Farg‘ona-Toshkent maqom an’analari sintezi asosida XX asrda O‘zbekistonda umummilliy shashmaqom shakllangan. Shu bilan birga, Buxoro shashmaqomiga mustaqil maqom turi sifatida ham qarash kerak. Bugungi kunda ushbu janrning to‘rt turini ajratish odat tusiga kirgan: buxoro, xorazm, farg‘ona-toshkent va o‘zbek.

An’anaviy musiqiy janr ikki shaklga ega: repertuar va kanonlashtirilgan. Bugungi kunda birinchi shakli keng tarqalgan, ikkinchisi esa avvallari saroylarda ijro etilgan va XX asrdayoq urfdan qolgan. XV-XVI asrlarga oid hujjatlarda maqom to‘g‘risidagi tarixiy ma’lumotlarni uchratish mumkin, biroq tarixchilar musiqa janrining paydo bo‘lishining aniq sanasini aniqlash qiyinligini ta’kidlaydilar.

Ayni paytda shashmaqomni kanonlashtirish va standartlashtirish bilan jadid Abdurauf Fitrat va folklorshunos Viktor Uspenskiy shug‘ullangani ma’lum. Yunus Rajabiy ham shashmaqomning kanonlashtirish tarixida asosiy rol o‘ynagan. U ma’lumotlarni to‘plab, shashmaqomni xatga tushirdi. Olti jildlik «Shashmaqom»ni yozgan Yunus Rajabiy ortidan nafaqat ulkan madaniy merosni, balki ta’lim tizimini ham iz qoldirdi — bugungi kunda O‘zbekiston musiqiy ta’lim muassasalarida uning asarlari asosida maqomdan saboq berilmoqda.

Maqom an’anasi hofiz deb ataluvchi izdoshlari sharofati bilan yashab kelmoqda. Bundan tashqari, maqomnafaqat nafaqat erkaklar, balki ayollar tomonidan ham ijro etiladi. Taniqli xonandalar orasida Barno Isxoqova, Munojat Yo‘lchiyeva, Nodira Pirmatovalar bor. Obidjon Rasulov mashhur ijrochilardan biriga aylanmaganiga qaramay, u ham hofizdir. U Farg‘ona-Toshkent maqomi ijrochilaridan biri hisoblanadi.

Obidjon aka tarixni ham, amaliyotni ham yaxshi biladi. To‘qqiz yil davomida har kuni ertalab Toshkentdagi 49-umumta’lim maktabida musiqa o‘qituvchisi bo‘lgan, tushdan keyin esa «Feruza» madaniyat saroyida dars bergan. Obidjon aka darslariga talab katta bo‘lgani uchun maktabda kechki to‘garak ham tashkil qilganini aytadi.

Foto: Obidjon Rasulovning shaxsiy arxividan.

Vaqt o‘tishi bilan o‘qituvchilik unga og‘irlik qilishni boshladi. Har kuni ertalab nahorgi to‘y oshi pishirish, kechqurunlari bayram konsertlarida ijro etishni birgarlikda amalga oshirish qiyin bo‘lgani uchun Obidjon Rasulov o‘zini IIV ansamblida sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi, lekin u yerda unga joy topilmadi. Biroq kadrlar bo‘limida hofizning savodxonligi va yozuvchilik mahoratini yuqori baholab, unga ma’muriy ish taklif qilishdi.

Obidjon Rasulov Toshkent viloyatining Olmaliq shahridagi tadbirda qo‘shiq kuylamoqda. 1999 yilning sentabr oyi. Foto: Obidjon Rasulovning shaxsiy arxividan.

Obidjon aka bu lavozimda bir yil ishlab, so‘ng O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov qarorgohini qo‘riqlashga o‘tdi va 22 yilini shu yerda o‘tkazdi. U qilgan xizmatlari evaziga mamlakat mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, ma’naviy salohiyatini yuksaltirishda munosib hissa qo‘shgan yurtdoshlarni taqdirlash maqsadida ta’sis etilgan O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligi esdalik nishoni bilan taqdirlandi.

Garchi parvarishga muhtoj ko‘plab iqtidor egalari taqdiri uni o‘yga toldirsa ham, ijrochi musiqa va o‘qituvchilikni tashlab ketganidan keyin o‘z his-tuyg‘ularini ijobiy deb ta’riflaydi. Hofiz yo‘qotish azobini his qilmasa kerak, chunki ish vaqtidan tashqari to‘y-hashamlarda ijro etib kelayotgani tufayli uning tomirlarida hamon musiqa oqmoqda. Ammo, ehtimol, u his-tuyg‘uli inson sifatida ko‘rinishni istamas va shuning uchun, turmush o‘rtog‘i Gulshan Hasanova aytganidek, u o‘z pushaymonligini ochiq-oydin namoyish etmas.

Obidjon Rasulovning turmush o‘rtog‘i Gulshan Hasanova.

Gulshan Hasanova o‘z turmush o‘rtog‘ini hammadan yaxshiroq his qiladi. Uning chiqishlarini birinchi marta ota-onasining uyiga yangi kelin bo‘lib kelganida eshitgan. O‘sha vaqtda 18 yoshda edi. Modern Talking qo‘shiqlarini tinglovchi avlodga mansub qiz o‘zbek milliy musiqasidan ancha uzoq edi. Ammo u turmush o‘rtog‘ini qanchalik ko‘p tinglasa, maqomga shunchalik ko‘p oshno bo‘lib bordi. Hozir Obidjon aka ko‘zlarini yumgancha tor chalar ekan, Gulshan kechalari unga maqom kuylab bergan erining ovoziga uxlab qolgan homiladorlik vaqtlarini beixtiyor xotirlaydi.

Juftlikning 30 yoshni qarshi olgan o‘g‘li Bobur ona qornidaligidayoq maqom tinglashni boshlagan. Gulshan Obidjonning musiqiy iste’dodi ularning o‘g‘liga o‘tganiga ishonchi komil. Ayol o‘g‘li va turmush o‘rtog‘i duet bo‘lib: hofiz torda, Bobur esa skripkada ijro etayotganlarini ko‘rganini eng ko‘p g‘ururlanadi. Ularning musiqasini oilaning qo‘shnilari ham tinglashadi.

«Shovqin uchun bizni hech kim ayblamadi, — deya aniqlik kiritdi Gulshan va keyin qo‘shib qo‘ydi. — Avvallari [musiqamizdan] xijolat tortardik, hozir esa yo‘q, chunki Obidjon akaning ijrosi qo‘shnilarga ham yoqadi».


Bir kuni hofizning oilasi to‘liq tarkibda Samarqandga otlanishdi. Registon maydoniga borgan Gulshan «Sharq taronalari» musiqiy festivalini ko‘z oldiga keltirdi: yorqin, muhtasham. Sozandalar orasida o‘z o‘g‘li Boburni ham sozandalar orasida tasavvur qildi — ayol o‘g‘lining omadli musiqiy kar’erasi bo‘lishini juda-juda istaydi. Bugun u Nurafshon maktabida musiqa fanidan saboq beradi, bir paytlar ota singari u ham huquq-tartibot idoralari xodimi libosini kiygan, tizimda ishlashning murakkab jihatlarini yaxshi anglab yetgan.

Qorovul bo‘lib ishlash osondek tuyulishi mumkin. Ammo Obidjon Rasulov IIVdagi xizmatini eslab, shunday deydi: kuniga uch soat uxlash kerak bo‘lsa, uch soat uxlaysan. Uyqu rejimidagi bunday o‘zgarishlar Obidjon aka uchun birinchi prezident qarorgohida xizmat qilgan yillari odat tusiga kirgan — bugun «Gazeta.uz» ofisi oldidagi xizmatida ham o‘shandayligicha qolgan.

Obidjon Rasulov bir paytlar IIVda unga mansab va pogon taklif qilishgani, lekin u rad javobini berganini eslaydi. Ish tartibi — har ikki kunda bir sutka — to‘ylarda maqom kuylashiga imkon berardi. U musiqani pogonlarga almashtira olmadi hamda bu haqda faxr va taqdirga minnatdorchilik hissi bilan gapiradi.


Bu yillar davomida musiqa uning oilasini boqdi va kiyintirdi. Musiqa unga uy qurdi, bolalarini uyli-joyli qildi, ularning shartnomalarini to‘lab berdi. To‘ylarning ham o‘ziga yarasha yoqimsiz tomonlari ham borligini tan oladi: maqomning qadriga yetmaydigan mast odamlar uning jahlini chiqaradi. To‘ylar hovlilarda o‘tkazilgan, hofizlarga chin dildan quloq tutgan davrlarni yaxshi eslaydi. Biroq hayotida musiqaning borligi ijodiy faoliyatidagi barcha qiyinchiliklaridan ustundir.

«U yerda charchoq sezilmaydi, chunki o‘z ishing bilan shug‘ullanyapsan», — deydi hofiz. Obidjon Rasulov uchun maqom — og‘ir ruhiy holatning davosi. Og‘ir kundan so‘ng maqomning g‘amgin, ammo falsafiy ohanglarini tinglab, odamlar taskin topishiga ishonchi komil. Gulshan esa turmush o‘rtog‘ining musiqiy qobiliyatiga boshqacharoq ta’rif beradi.

«Maqom, bu — dard», — deydi u.


Undan turmush o‘rtog‘i maqom ijro etayotganida qalbida qanday tuyg‘ular kechishi haqida so‘raymiz. U bo‘lsa jimgina yig‘lashni boshlaydi va sharqona qilib: «o‘zingiz ham bilasiz-ku», — deydi tabassumi hayot sinovlaridan sho‘rlangan ko‘z yoshlariga aylanar ekan. Hayotning murakkab epizodlarini tilga olmaslik to‘g‘risidagi qarorini hurmat qilgan holda faqatgina «Bilaman», deyish qoladi, xolos.

Hofizning mahorati nafaqat to‘g‘ri ijro, balki an’analarni saqlashidan ham iborat, axir Obidjon Rasulov oddiygina qorovul emas, u — maqom qo‘riqchisi hamdir.