Eron Islom Respublikasi prezidenti Ibrohim Raisiy 14 sentabr kuni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Samarqand aeroportida uni bosh vazir Abdulla Aripov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Shundan so‘ng, Samarqand shahridagi Kongress markazida Ibrohim Raisiyni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ikki mamlakat davlat bayroqlari bilan bezatilgan maydonda Eron prezidenti sharafiga faxriy qorovul saf tortdi va Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni qarshi oldi.

Davlatlar yetakchilari faxriy qorovul oldidan o‘tib, harbiy xizmatchilarni qutladi. Marosimda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari a’zolari qatnashdi. Birgalikda suratga tushishdan so‘ng davlat rahbarlarining muzokaralari boshlandi.

Xususan, Shavkat Mirziyoyev va Ibrohim Raisiy ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Diqqat markazida o‘zaro savdo hajmini oshirish, kooperatsiyani kuchaytirish, sanoat, innovatsiyalar, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport va logistika, boshqa ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish kabi masalalar bo‘ldi.

Shuningdek, mintaqada samarali transport yo‘laklarini rivojlantirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston va Eron yetakchilari dolzarb mintaqaviy masalalar, shu jumladan Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat, SHHT doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni ham muhokama qildi.

Ibrohim Raisiy payshanba kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashinining majlisida ham ishtirok etadi. Bunga qadar, SHHT sammitida ishtirok etish uchun Samarqandga Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux yetib kelgani haqida yozgandik.

Foto