Senatning 32 yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun ko‘rib chiqildi, deya xabar bermoqda yuqori palata matbuot xizmati.

Mazkur qonun bilan Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda «Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi qonunga tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda.

«Sir emaski, oxirgi paytlarda elektron to‘lov vositalari yoki masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimlaridan foydalanib, o‘zgalar mulkini talon-toroj qilish, firibgarlik, o‘g‘rilik jinoyatlari ko‘p sodir etilmoqda. Birgina misol, 2022 yilning 7 oyi davomida bank plastik kartalaridan pul mablag‘larini firibgarlik va o‘g‘rilik yo‘li bilan talon-toroj qilingani holati yuzasidan jami 1 812 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan», — deyiladi xabarda.


Senatga ko‘ra, bugungi kunda ushbu huquqbuzarlik Jinoyat kodeksining firibgarlik, o‘g‘rilik deb nomalangan 168, 169-moddalari bilan tasniflanmoqda. Biroq ayni paytda ushbu moddalarda belgilangan jazo aybdorlarning chin dildan pushaymon bo‘lib, bu yo‘ldan qaytishi, ahloqan tuzalish yo‘liga kirishi uchun yetarli emasligi, sodda qilib aytilganda jazo yengillik qilayotgani ma’lum bo‘lmoqda.

Shu boisdan ushbu qonun bilan bunday turdagi jinoyatlar uchun jazo og‘irlashtirilmoqda. Ya’ni endilikda axborot tizimlariga noqonuniy kirib va ulardan foydalanib sodir etilgan firibgarlik jinoyati uchun bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 400 baravarigacha jarima to‘lanadi. Hozir bu miqdor 100 dan 300 gacha. Yoki amaldagi normaga ko‘ra ushbu jinoyat uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilangan bo‘lsa, endilikda bu muddat 5 yildan 8 yilgacha etib qat’iy belgilanmoqda.

Qolaversa, amaldagi qonunchilikda muqaddas qadamjolarga, tarixiy voqealarga bag‘ishlangan, atoqli davlat va jamoat arboblari, milliy qahramonlarning xotirasini abadiylashtirish maqsadida o‘rnatilgan yodgorliklarga hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lish kabi xatti-harakatlarga nisbatan javobgarlikni belgilashda bo‘shliqlar borligi qayd etildi. Shu bois, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga Moddiy madaniy meros obyektlariga nisbatan hurmatsizlik qilish, tahqirlash yoki ularga shikast yetkazish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi norma kiritilmoqda.


Shuningdek, shikast yetkazish uchun belgilanayotgan miqdorlar ya’ni, oz miqdor va ko‘p bo‘lmagan miqdor tushunchalari kiritilib, unga ko‘ra, oz miqdorda deganda bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha, ko‘p bo‘lmagan miqdorda deganda bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha bo‘lgan doiradagi miqdor tushunilishi ko‘rsatilmoqda. Mazkur qonunni ishlab chiqish jarayonida xalqaro tajriba, Hamdo‘stlik mamlakatlari qonunchiligi o‘rganilgan hamda milliy qonunchilikka mos keladigan normalar qisman inobatga olingan.

Qonunning qabul qilinishi:

  • birinchidan, jismoniy va yuridik shaxslarning elektron pul mablag‘larini talon-toroj qilish hamda fuqarolarning ishonchiga kirib hisob raqamlari yoki plastik kartalaridan pul mablag‘ini talon-toroj qilish kabi o‘g‘irlik va firibgarlik jinoyatlarining oldi olinishiga;
  • ikkinchidan, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, muqaddas qadamjolarning munosib saqlanishiga, muhim tarixiy voqealarga bag‘ishlangan, atoqli davlat va jamoat arboblari, milliy qahramonlarning xotirasini abadiylashtirish maqsadida o‘rnatilgan yodgorliklarga hurmatsizlik yoki ularni tahqirlashga yo‘l qo‘ymaslikka xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.