Ukraina qurolli kuchlari sentabr oyi boshida Xarkov viloyatida qarshi hujum boshladi. 6 sentabrdan buyon so‘nggi besh kun ichida ular Rossiyaning egallagan pozitsiyalarini ba’zi joylarda 70 km chuqurlikkacha yorib o‘tib, aprel oyidan beri barcha operatsiyalarida rus qo‘shinlari qo‘lga kiritganidan ko‘proq yerni — 3000 kv kmdan ortiq maydonni qaytarib olishga muvaffaq bo‘ldi. Urushni o‘rganish instituti (ISW, AQShda joylashgan nodavlat tashkilot) ekspertlari shunday xulosaga keldi.

«Ukraina qo‘shinlari tezkor qarshi hujumda deyarli butun Xarkov viloyatini qaytarib olib, Rossiyani yirik operativ mag‘lubiyatga uchratdi», — deya xabar beradi institut.

Xarkov viloyati ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov 10 sentabr kuni Balakleya uzra Ukraina bayrog‘i ko‘tarilganini ma’lum qildi.

Rossiya Mudofaa vazirligi Izyumdan voz kechganini e’lon qildi: «Donbassni ozod qilish bo‘yicha maxsus harbiy operatsiyaning belgilangan maqsadlariga erishish uchun Balakleya va Izyum viloyatlarida joylashgan Rossiya qo‘shinlarini qayta to‘plash to‘g‘risida Donetsk yo‘nalishida qaror qabul qilindi».

10 sentabr kuni Xarkov viloyat kengashi raisi maslahatchisi Natalya Popova tomonidan Ukraina Qurolli kuchlarining Kupyanskdagi harbiylari bilan suratlar chop etildi.

«Kiyevning uzoq davom etgan munozaralari, keyin esa Xerson viloyatiga qaratilgan qarshi hujum operatsiyasi o‘tkazilishi haqida e’lon qilinishi Rossiya qo‘shinlarini so‘nggi bir necha kun ichida Ukraina kuchlari hal qiluvchi zarbalar berayotgan hududlardan chalg‘itdi. Ukraina yetakchilari ruslarni Xarkov viloyatidagi rejalaridan chalg‘itishga muvaffaq bo‘lganidan ko‘ra ko‘proq janubga zarbalar berishni ochiqroq muhokama qilishdi», — deydi ISW harbiy ekspertlari.

«Biroq Xerson viloyatida e’lon qilingan qarshi hujumni faqat hiyla deb hisoblashga asos yo‘q. Xabar qilinishicha, Ukraina kuchlari Dneprning g‘arbiy sohilidagi bir qancha muhim nuqtalarga hujum qilib, g‘alaba qozongan. Ular daryo bo‘ylab ikkita ko‘prikni uzib tashlashdi va ko‘priklarni uzishda davom etmoqdalar, shuningdek, Rossiyaning barja va ponton paromlari orqali ta’minotni to‘ldirishga qaratilgan harakatlariga to‘sqinlik qilmoqdalar», — deb xulosa qildi Urushni o‘rganish instituti.

Xarkov viloyati ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubovning so‘zlariga ko‘ra, frontning ayrim bo‘limlarida Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya davlat chegarasiga yetib borgan.

«Hozirgi qarshi hujum urushni tugatmaydi. Ukraina shimoli-sharqidagi kampaniya ertami-kechmi yakunlanadi, bu ruslarga mustahkam mudofaa chizig‘ini tiklashga va ehtimol, lokal qarshi hujumlarni boshlashga imkon beradi. Ukraina Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarni ozod qilishni yakunlash uchun keyingi qarshi hujum operatsiyalarini boshlashi kerak. Urush 2023 yilgacha davom etishi mumkin», deb hisoblaydi ISW harbiy ekspertlari.

Infratuzilmaga tungi hujumlar

12 sentabrga o‘tar kechasi Ukrainaning beshta viloyatidagi muhim fuqarolik infratuzilma obyektlariga raketa hujumlari uyushtirildi, dedi prezident Vladimir Zelenskiy.

«Xarkov va Donetsk viloyatlari kuchsizlangan. Zaporoje, Dnepropetrovsk, Sumida oziq-ovqat bilan qisman muammolar mavjud», dedi u. Ushbu hududlar aholisi ayrim hollarda nafaqat elektr energiyasi, balki nasoslarning yopilishi tufayli suvsiz ham qolgan.


Foto:Ukraina FVBDX

Prezident devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyakning aytishicha, Rossiya Ukrainadagi eng yirik issiqlik elektr stansiyalaridan biri bo‘lgan Xarkovdagi CHP-5ga zarba bergan. Uning fikricha, bu raketa zarbalari muvaffaqiyatli qarshi hujum uchun qasosdir.

Qutqaruvchilarning xabar berishicha, IESda navbatchi bo‘lgan kamida bir kishi raketa hujumi oqibatida halok bo‘lgan.

Ukraina ommaviy axborot vositalari va Telegram kanallari elektr o‘chirilishi natijasida Xarkovda metro to‘xtab qolgani, Poltavada esa trolleybuslar elektr ta’minotidagi keskin o‘zgarishlar tufayli yonib ketgani haqida xabar berdi.

Ertalab Sumi va Dnepropetrovsk viloyatlarida elektr ta’minoti tiklandi, Xarkovda tunda suv ta’minoti o‘z holiga qaytdi, metro va yer usti elektr transporti normal ishlamoqda, dedi shahar meri Igor Terexov. Ayni paytda viloyat markazida raketa hujumlari davom etmoqda. 12 sentabr kuni tushdan keyin Terexov muhim infratuzilma obyektiga navbatdagi zarba haqida e’lon qildi, buning natijasida shahar yana suv va elektr energiyasisiz qoldi.