O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova va u boshchiligidagi uyushgan guruhning hozirgi kunda qo‘shimcha taqriban 350 mln dollar mablag‘larini musodara qilish masalasi Shveysariya sudlarida ko‘rib chiqilmoqda. Bu xaqda adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikramov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Keltirilishicha, undirilishi lozim bo‘lgan jami summa taqriban 686 mln AQSh dollariga teng va bu summa davom etayotgan jinoiy ish jarayoniga bog‘liq.

Ushbu ishlar Shveysariya sudlarida ko‘rib chiqilib, taqriban 336 mln AQSh dollar uzil-kesil musodara qilingan. Shundan 131 mln AQSh dollari O‘zbekistonga qaytishi xal bo‘ldi, 205 mln AQSh dollari bo‘yicha esa yakuniga yetmoqda.

Shveysariyada joylashgan aktivlardan tashqari, Gulnora Karimova va u boshchiligidagi uyushgan guruhning boshqa xorijiy davlatlardan ham jinoiy aktivlarini qaytarish ishlari ketyapti.

Xususan, Fransiyadan 2020 va 2021 yillarda jinoiy uyushgan guruh a’zolariga tegishli ko‘chmas mulklarni (jumladan, Parij shahri yaqinidagi 2 ta qasrlarning sotilishi natijasida 20 mln AQSh dollariga teng pul mablag‘lari O‘zbekistonga qaytarildi.

Belgiya Qirolligidagi jinoiy guruhga tegishli bo‘lgan aktivlarni qaytarishda O‘zbekistondagi mutasaddi tashkilotlar Belgiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlik qilyapti. Biroq, tergov tugamaganligi sababli (tergov siri), ushbu aktivlar haqida ko‘p ma’lumot oshkor qilinmagan.

Buyuk Britaniyada esa ularga terishli 10 mln funt sterling miqdoridagi mablag‘lar va 3 ta ko‘chmas mulkning taqdiri Londonning Oliy sudida ko‘rib chiqish jarayonida.

Latviyada ham bir talay aktivlar mavjud. Mamlakatning sud organlari 2018 yil O‘zbekistonda chiqarilgan hukmlar (Latviyada joylashgan aktivlarni O‘zbekiston daromadiga musodara qilish haqida) tan oldi. Mazkur davlatda 15 mln AQSh dollariga teng mablag‘lar, 850 unsiyaga (26 kg) oltin sertifikatlari hamda Riga shahrida joylashgan madaniy-ko‘ngilochar majmua aynan Gulnora Karimova uning jinoiy sheriklari nomida.

Ta’kidlanishicha, bu boradagi barcha ishlar ham osonlikcha amalga oshayotganligi yo‘q. Masalan, Latviyadan yuqoridagi aktivlarni qaytarishda murakkabliklar yuzaga kelmoqda. Shunga qaramay, ushbu davlatdagi aktivlarni qaytarish bo‘yicha ishlar qat’iy izchillik bilan davom ettirilmoqda, deya vazir o‘rinbosarining so‘zlarini keltiradi «Gazeta.uz» muxbiri.

Rossiya

2021 yil noyabr oyida Moskva shahrida joylashgan aktivlarni xususan 6 ta xonadonni O‘zbekiston daromadiga o‘tkazilishi haqida Moskva shahar sudining qarori chiqarilgan. Hozirgi paytda Rossiya sud ijrochilari ushbu ko‘chmas mulk obyektlarini sotish jarayonida. Sotuvdan tushgan pul mablag‘lari O‘zbekiston va Rossiya foydasiga teng ulushlarda bo‘linadi.

Bundan tashqari boshqa mamlakatlarda ham Gulnora Karimova va uning jinoiy sheriklari tomonidan noqonuniy orttirilgan va O‘zbekistondan olib chiqilgan aktivlarni qaytarish ishlari ketyapti. Jinoiy aktivlarning umumiy qiymati qariyb 1,3 mlrd AQSh dollarini tashkil etadi.

«Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur pullar 14,3‬ trln so‘mga yetgan, ularning hisobiga 1400 ta — O‘zbekistondagi 208 ta tumanning har birida 6,7 tadan maktab qursa bo‘ladi», — dedi Muzraf Ikramov.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 18 martda Toshkent shahar sudi hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilangan edi.

2019 yil mart oyida AQSh Gulnora Karimova va «O‘zdunrobita»ning sobiq bosh direktori Behzod Ahmedovni korrupsiya va 865 mln dollardan ko‘proq pulni «yuvgan»likda ayblagan edi. 24 iyunda esa Shveysariya Bosh prokuraturasi Karimova ishi bo‘yicha muzlatilgan 130 mln shveysar kronasi [$133,7 mln] miqdoridagi mablag‘ni O‘zbekistonga qaytarishini ma’lum qilgan edi.

2020 yilning may oyiga kelib, Karimovaning 10 mln dollarlik aktivi Fransiyadan qaytarilgan. sentabrga kelib, Shveysariya hukumati musodara qilingan pul mablag‘larini O‘zbekistonga qaytarish shartlari bo‘yicha mamlakat hukumatlari kelishuvga erishganini ma’lum qildi. O‘shanda Karimovaning Shveysariyadagi hisoblaridan olingan 131 mln dollarlik mablag‘ O‘zbekistonga qaytarilishi aytilgandi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» ijtimoiy tarmoqlarda Karimovaning sog‘ligi og‘irlashganiga oid tarqalgan xabarlarga oydinlik kiritish maqsadida IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi bilan bog‘langan edi. «Uning ahvoli yaxshi, COVID-19`ga chalinmagan, o‘pka pnevmoniyasi ham yo‘q», — deyilgandi xabarda.

Qolaversa, 2022 yilning 30 iyunida Kanadaning The Globe and Mail nashri Gulnora Karimovaga tegishli ekani taxmin qilinayotgan hashamatli ko‘chmas mulk u qamoqdalik vaqtida 68,4 mln dollarga qayta sotilgan bo‘lishi mumkin, deya xabar bergandi.

Shuningdek, Shveysariya apellyatsiya sudi Gulnora Karimovaga qo‘yilgan pora olish bo‘yicha ayblov yuzasidan uning advokatlari kiritgan shikoyatni qisman qanoatlantirdi. Mazkur sud qarori unga muzlatib qo‘yilgan 303 mln dollar mablag‘ni qaytarib olishga yordam berishi mumkinligi aytilgandi.