Bugungi kunda dunyoda 770 milliondan ortiq voyaga yetganlar o‘qish va yozishni bilmaydi, deya ma’lum qildi YUNESKO bosh direktori Odri Azule.

Uning fikricha, har beshta davlatdan bittasigina 12 yillik bepul majburiy ta’limni qonuniy ravishda kafolatlay oladi. Ko‘p mamlakatlarda esa pandemiya tufayli ta’lim sohasidagi vaziyat sezilarli darajada yomonlashgan.

Odri Azule ta’lim sohasidagi sa’y-harakatlarni faollashtirishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, ta’lim asosiy ijtimoiy sohalardan biri bo‘lib, 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish loyihasini amalga oshirishning muhim vositasi hisoblanadi.

«Birgalikdagi sa’y-harakatlar natijasida bu borada ko‘plab yutuqlarga erishdik. 1979 yilda sayyoramizdagi odamlarning atigi 68 foizi o‘qish va yozishni bilgan. 2020 yilga kelib bu ko‘rsatkich 86,7 foizga oshgan. Ushbu yutuqlarga qaramay, butun dunyo bo‘ylab 771 million nafar voyaga yetgan odam hali ham asosiy savodxonlik ko‘nikmalariga ega emas. Ularning 60 foizi qizlar va ayollardir», — dedi Odri Azule.

YUNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiya natijasida 24 millionga yaqin o‘quvchi hech qachon maktab va boshqa ta’lim muassasalariga qaytmasligi mumkin. Ulardan 11 million nafari qizlar va yosh ayollardir. Azule ta’limga ko‘proq mablag‘ ajratish va xalqaro yordam ko‘rsatishga chaqirdi.