Senat raisi Tanzila Narbayeva sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxanovaga tanbeh berdi. Bu Senatning 32 majlisida moliya vaziri Timur Ishmetovning davlat budjetining 2022 yil birinchi yarim yillikdagi ijrosi yuzasidan hisoboti vaqtida yuz berdi.

Gap shundaki, yuqori palata a’zosi Manzura Salimova chala tug‘ilgan chaqaloqlar uchun zarur dori vositalari qamrovi kamligi yuzasidan savol bilan yuzlandi.

Senatorning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yilning birinchi yarim yilligida reproduktiv salomatlikni mustahkamlash, onalar va bolalar sog‘ligi uchun yo‘naltirilgan mablag‘lar miqdori 4,3 mlrd so‘mni tashkil qilgan. Bugungi kunga kelib, bir yilda 900 mingdan ortiq chaqaloq tug‘ilyapti.

Ushbu olti oylik muddatda 900 ming chaqaloqning yarmi hisobga olinadigan bo‘lsa, chaqaloqlarda gemoragik kasalliklar, ya’ni qon ketishini oldini olishga ta’sir ko‘rsatuvchi Vitamin K dori vositasi bilan qamrab olish 50 foizni tashkil qilmoqda, dedi u.


«Shu bilan birgalikda, chalalik — erta tug‘ilish bilan bog‘liq bo‘lgan chaqaloqlarimizning yashab ketish omiliga ta’sir qiluvchi „Surfaktant“ dori vositasi bor. Ushbu dori vositasi ham 6 oylik muddatda ehtiyojimizning 10 foizinigina qamrab olyapti, holos. Umuman olganda, ikkala dori vositasi ham chaqaloqlarning hayotini saqlash uchun zarur dori vosita hisoblanadi va ular o‘limning oldini olishga samar beradi. Ushbu dorilar bilan uzlkusiz ta’minlanish chora-tadbirlari bo‘yicha qanday fikrlari bor?», — deya savol bilan yuzlandi senator.

Ushbu savolga sog‘liqni saqlash vazir o‘rinbosari Elmira Basitxanova javob berib, yuqorida sanalgan dori vositalarining O‘zbekistonga keltirilishi haqida ma’lumot bergan.

«To‘g‘ri, chala va patalogiya bilan tug‘ilgan chaqaloqlarga Vitamin K va Surfaktant dori vositasining zarur ekanligi davlatimiz rahbari oldida ham aytilgan va bu borada har yili mablag‘ ajratish to‘g‘risida topshiriqlar ham berilgan. 2022 yilning 13 yanvar kuni 9 mingta qadoq Vitamin K uchun 855 million mablag‘ ajratilgan. 18 yanvar kuni 31 ming qadoq uchun 2 mlrd 960 mln so‘m ajratilgan va harid qilingan. Surfaktant bo‘yicha 2021 yil 21 dekabr kuni 1396 ta qadoq uchun 6 mlrd 142 mln so‘m, 2022 yil 11 yanvarda 304 ta qadoq uchun 1 mlrd 337 mln so‘m va 2022 yil sentabr oyida 1700 ta qadoq uchun shartnoma tuzildi va bu shartnoma bo‘yicha 194 ta qadoq harid qilinib, shifoxonalarga tarqatildi. Uzluksizlikni ta’minlash uchun bu borada biz barcha choralarni ko‘ryapmiz», — dedi u.

Elmira Basitxanova.

Biroq, Senat raisi Tanzila Narbayeva senatorning aniq fakt keltirganini, ehtiyojning 10 foiz qamrab olinayotganini yetarli deb bo‘lmasligi ta’kidlab, vazir o‘rinbosaridan mazkur masala o‘rganilgan yoki yo‘qligini so‘radi.

Elmira Basitxanova esa quyidagicha javob berdi: «10 foiz deb raqam qayerdan olingani tahlil qilinib, javob beriladi».

Shundan so‘ng, Tanzila Narbayeva yuqori palataga faqatgina aniqlashtirishgan raqamlar olib chiqilishini aytib, SSV vakiliga tanbeh berdi.

«Bu auditoriyaga hammasi tahlil qilingan, tekshirilgan raqamlar olib chiqiladi. Raqamlarni noto‘g‘ri deyish umuman mumkin emas. Qayerdan oldinglar (kinoya ohangida)? Oldingi sessiyalarda ham raqamlar noto‘g‘ri degan bir-ikkitasi bo‘lgandi. Keyin hamma raqamlar qanchalik to‘g‘ri ekanini ko‘rsatdik. Unaqa gap bo‘lishi kerak emas. Menimcha, Moliya vazirligi — chaqaloqlar va onalar o‘limlarining oldini olish bo‘yicha hech qanaqangi e’tiroz bo‘lmasligi kerak, iqtisod qilingan mablag‘lardan bo‘lsa ham berish kerak. 10 foiz degani bu ish emas», — deya ta’kidladi Senat raisi.


Moliya vaziri Timur Eshmetov bu yerda vazirlik tomonidan ajratilgan mablag‘lar oxirigacha o‘zlashtirilmaganini, ayrim dorilarni sotib olishda, yetkazib kelishda muammolar borligini qayd etdi. Shu asnoda u vazirlik bilan birga senatorga ham qo‘shimcha ma’lumotni taqdim etilishini ma’lum qildi.

«Mablag‘ ajratiladi, lekin o‘zlashtirish ahvoli qoniqarsiz. Demak, bu yerda vazirlik va uning hududiy bo‘linmalari ishlashi kerak bo‘ladi. Bor mablag‘ni ham o‘zlashtirmasa, chaqaloqlar o‘lib ketadi», — deya tanqid qildi Senat raisi.