Toshkentning Yashnobod tumanida Cobalt daraxtga urilishi oqibatida haydovchi halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda shaxar IIBB.

2022 yilning 12 sentabr kuni taxminan soat 09:00 larda Yashnobod tumani Ohangaron ko‘chasida haydovchi 1978 yilda tug‘ilgan M.R. ishonchnoma asosida Cobalt avtomashinasida harakatlanib, rul boshqaruvini yo‘qotgan va qarama-qarshi yo‘llarni ajratib turuvchi ko‘kalamzorlashtirilgan maydonchadagi daraxtga borib urilgan.

Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, haydovchi boshqaruvni yo‘qotishiga sog‘ligi yomonlashgani sabab bo‘lgan.

Ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramay, haydovchi voqea joyida vafot etgan.

Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Namanganda Equinox, Lacetti, Nexia va VAZ-2106 ishtirokida YTH sodir bo‘lgandi. Hodisa oqibatida avtomashinalar texnik shikastlangan, hech kim jarohat olmagan. Bundan tashqari, Qamchiq dovonida yuk mashinasi haydovchisi bir necha avtomobil bilan to‘qnashib ketgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 4 kishi halok bo‘lgan, 5 dan 7 nafargacha kishi jarohatlangan.