13 sentabrga o‘tar kechasi Ozarbayjon va Armaniston chegarasidagi vaziyat yana keskinlashdi.

«Tunda Armaniston qurolli kuchlarining sabotaj guruhlari tog‘li yerlar va daralardan foydalangan holda Ozarbayjon armiyasi bo‘linmalari pozitsiyalari va ta’minot yo‘llari o‘rtasidagi turli yo‘nalishlarda minalash ishlarini amalga oshirgan», deya xabar bermoqda Ozarbayjon Mudofaa vazirligi.

Ozarbayjon harbiylari minalarni zararsizlantirishga uringanida, to‘qnashuv sodir bo‘ldi, dedi vazirlik.

«Basarkecher, Istisu, Garakils va Goris aholi punktlari yo‘nalishida joylashtirilgan Armaniston qurolli kuchlari bo‘linmalari turli qurollardan, jumladan, minomyotlardan, Ozarbayjon qo‘shinlarining ayrim pozitsiyalari, boshpanalari va Dashkesan, Qalbajar va Lochin viloyatlari hududidagi istehkomlarini intensiv o‘qqa tutdi. Natijada shaxsiy tarkibda yo‘qotishlar bo‘ldi, harbiy infratuzilmaga zarar yetkazildi», — deyiladi xabarda.

Harbiy tahdidlarning oldini olish va ushbu sohada infratuzilma ishlariga jalb qilingan harbiy xizmatchilar, shu jumladan fuqarolik ishchilari xavfsizligini ta’minlash maqsadida Ozarbayjon armiyasi Armaniston qurolli kuchlarining o‘q otish nuqtalarini bostirish va kengayishining oldini olish uchun «kuchli javob choralarini» ko‘rdi.

«Sabotaj operatsiyalarida ishtirok etayotgan Armaniston qurolli kuchlarining ishchi kuchi va harbiy texnikasida yo‘qotishlar bor», — dedi Ozarbayjon Mudofaa vazirligi. Agentlikning ta’kidlashicha, sodir bo‘lgan voqea uchun barcha javobgarlik «Armaniston harbiy-siyosiy rahbariyati zimmasida». Armaniston Mudofaa vazirligi o‘z bayonotini xuddi shu vaqtda e’lon qildi.

«Ozarbayjon Qurolli kuchlari bo‘linmalari artilleriya, minomyot va [uchuvchisiz uchish apparatlari] yordamida Armaniston-Ozarbayjon chegarasining bir nechta uchastkalarida joylashgan arman pozitsiyalariga birdaniga kuchli o‘t ochdi. Xususan, Sotk, Vardenis, Goris, Kapan, Artanish va Ishxanasar yo‘nalishida joylashgan pozitsiyalar nishonga olindi. Fuqarolik infratuzilma obyektlari ham o‘qqa tutilmoqda», — dedi vazirlik.

Armaniston Mudofaa vazirligi ularning harbiylari «o‘zlariga yuklatilgan jangovar topshiriqlarni bajarayotganini» ma’lum qildi.

«Ozarbayjon Mudofaa vazirligining o‘qqa tutilishi Armaniston tomonidan boshlangani haqidagi bayonotlari mutlaqo yolg‘ondir. Qolaversa, harbiy-siyosiy rahbariyat ushbu provokatsiya uchun ma’lumot bazasini tayyorlab qo‘ygan, buni armanlarning go‘yoki o‘qqa tutgani haqidagi har kungi dezinformatsiyalar tasdiqlaydi. Barcha holatlarda bo‘lgani kabi, bu provokatsiya ham Ozarbayjon harbiy-siyosiy rahbariyati tomonidan uyushtirildi», — deyiladi Armaniston Mudofaa vazirligi xabarida.

Armaniston tomonida qurbonlar va yaradorlar bor, ular haqida ma’lumotlar aniqlashtirilmoqda.

Ertalab mudofaa vazirligi chegaraning ayrim uchastkalarida ham pozitsiyaviy janglar davom etayotgani haqida xabar berdi. «Dushman olg‘a intilishdan to‘xtamayapti», dedi Armaniston Mudofaa vazirligi. Keyinroq agentlik Ozarbayjon harbiylarining qo‘shni davlat hududiga yurishga urinishlari aks etgan videoni e’lon qildi.