O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi qiroli Charlz III`ga uning taxtga o‘tirishi munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Maktubda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va yuksak hurmat ruhidagi keng qamrovli sheriklik kelgusida ham izchil rivojlanishiga ishonch bildirilgan.

Prezident qirolga mustahkam sihat-salomatlik, uzoq umr, oilaviy baxt-saodat hamda g‘oyatda sharafli faoliyatida ulkan yutuqlar, do‘st Birlashgan Qirollik xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, davomiy ravnaq tiladi.

10 sentabr kuni Avliyo Jeyms saroyida bo‘lib o‘tgan marosimda Charlz III qirol deb e’lon qilindi. Vorislik kengashi yig‘ilishida Qirollik Maxfiylik kengashi a’zolari, Britaniya hukumati vazirlari va qirollik oilasi a’zolari ishtirok etdi. Qirol majlisning ikkinchi qismida qatnashdi. U cherkovni va hukumatning uzluksizligini himoya qilish uchun qasamyod qildi.