Qashqadaryoning Koson tumani hududidan o‘tgan temir yo‘lda «Afrosiyob» tezyurar poyezdi to‘rt yoshli bolani bosib ketgani aks etgan video tarqaldi. Aytilishicha, bola tarbiyachilarni e’tiborsizligi oqibatida bog‘chadan chiqib ketgan.

Qashqadaryo maktabgacha ta’lim boshqarmasi Telegram kanalida avvaliga e’lon qilib, keyin o‘chirib yuborgan xabarida takidlanishicha, voqea 9 sentabr soat 15:33 da sodir bo‘lgan.

Koson tumani Qo‘ng‘irtog‘ mahallada yashovchi A.T. 8 sentabr kuni hududdagi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga olib kelingan. Voqea sodir bo‘lgan kuni A.T. bog‘chaga ikkinchi kun kelishi bo‘lgan, uning hali yo‘llanmasi bo‘lmagan. Kunning ikkinchi yarmida A.T. nazoratsiz qoldirilishi natijasida bog‘cha hududidan chiqib, yaqin oradagi temiryo‘lga borib qolgan.

Poyezd yo‘liga chiqib ketayotganida «Afrosiyob» yuqori tezyurar elektropoyezdi uni urib ketgan. Olingan jarohatlar oqibatida bola vafot etgan.

Boshqarma ma’lum qilishicha, holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Farg‘ona viloyatida to‘rt yoshli bola qarovsizlik oqibatida bog‘chadan chiqib ketib, suvga cho‘kib vafot etgandi. Bolalar bog‘chasining barcha mansabdor shaxslari va xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. MTTda talon-toroj holatlari ham aniqlangan.