O‘zJOKU talabasi universitetda rektorga salom bermagani uchun xodim tomonidan kaltaklangani xabar qilingandi. Holat bo‘yicha 10 sentabr kuni universitetda Odob-axloq komissiyasining kengaytirilgan tarkibdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda oliygoh matbuot xizmati.

Mazkur yig‘ilishda 9 sentabr kuni universitet talabasi J.Mahmudov hamda universitet xodimlari U. Rustamov, X. Mirzayev, F. Ochilov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan kelishmovchilik holati ko‘rib chiqildi.

O‘rganishga ko‘ra, universitet xodimi X.Mirzayev talaba bilan o‘zaro qo‘pol muomala sababli shaxsiy tortishuvga borgani ma’lum bo‘ldi. Vaziyat universitet profilaktika noziri H.Sodiqov tomonidan o‘rganib chiqilgan va shu kunning o‘zida tomonlar yarashuvi qarori qabul qilinib, masalaga yechim berilgan.

«Biroq, yarashuv qarori qabul qilinganiga qaramay, universitet ichki mehnat tartibi qoidalari buzilgani yuzasidan chora ko‘rilishi lozim deb topildi. Mehnat kodeksining 181-moddasida nazarda tutilgan intizomiy jazo chorasi, ya’ni o‘z vakolati doirasidan tashqariga chiqqani sababli X.Mirzayev egallab turgan lavozimidan ozod etildi va u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi», — deyiladi bayonotda.

Boshqa xodimlar — U. Rustamov va F. Ochilovga nisbatan hayfsan intizomiy chorasini qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilindi. Shuningdek, universitet rahbariyatiga o‘z vaqtida xabar bermagani sababli profilaktika noziri kapitan H. Sodiqovga nisbatan tegishli chora ko‘rilishi uchun tuman Ichki ishlar organiga tavsiya yuborildi.

Shu bilan birga, bayonotda universitet ma’muriyati ustoz-shogird an’analari, talabalar huquqini himoya qilish va jamoada o‘zaro hurmat kabi qadriyatlarga qat’iy rioya qilishini qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur holat ommaga tarqalgach, universitet rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja bu voqeadan xabari yo‘qligi, biroq nohaq harakat qilganlar jazolanishi, talabaning salom berish-bermasligi bu ixtiyoriyligini aytgandi.