10 sentabr kuni soat 22:46 da «Toshkent — O‘sh» xalqaro avtomobil yo‘li 247-kilometrining Qamchiq dovoni qismida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda FVV matubot xizmati.

Farg‘ona vodiysi tomon harakatlanayotgan Isuzu yuk mashinasi haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, bir nechta avtomobillar ishtirokida YTH sodir etgan. To‘qnashuv natijasida ayrim avtomobillar yonib ketgan. Mashinalar yonayotgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

«Hodisa oqibatida voqea joyida 3 kishi halok bo‘lgan, 5−7 kishi jarohatlangan», — deya ma’lum qildi FF.

Voqea joyiga zudlik bilan FVVining Qamchiq Maxsus qidiruv, yong‘in-qutqaruv boshqarmasidan 2 ta ekipaj va 1 ta avtoyevakuator yetib borgan. Yonayotan mashinalar soat 23:50 da o‘chirilgan.

Shuningdek, qutqaruvchilar tomonidan voqea joyida jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, malakali tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifoxonaga yuborilgan.

FVVga ko‘ra, oradan oz vaqt o‘tib, shifoxonada yana 1 nafar fuqaro vafot etgan. Hozirda Qamchiq dovoni avtomobillar harakati uchun ochiq.