Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Farhod Dehqonov hibsga olinganidan bir kun o‘tib ozod etildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ma’lum qildi. «Gazeta.uz»ga ma’lumotni Bosh prokuratura matbuot xizmati ham tasdiqladi.

«Toshkent shahar bosh ekologi Farxod Dexqonov kecha tunda(shanba kuni yarim tunda — tahr.) qo‘yib yuborilib, oilasi bag‘riga qaytdi. U Chilonzor va Uchtepa tumanlaridagi daraxtkushlik ishi ortidan hibsga olingandi. Daraxtkesarlarga qarshi kurashadigan organ rahbarining hibsga olinishi jamoatchilikni larzaga keltirdi. Ayniqsa, bu ekologiya tizimidagi xodimlarga shashtni so‘ndiradigan darajada qattiq zarba bo‘ldi», — deb yozadi parlament a’zosi.

U ekologlarni ruhini cho‘ktirmaslikka chaqirdi va «vaziyatga xolis baho berib, to‘g‘ri qaror qabul qilishga hissa qo‘shgan» bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevga minnatdorchilik bildirdi.

«Gazeta.uz»ning aniqlashicha, Farhod Dehqonov jinoiy ish bo‘yicha hamon gumonlanuvchi sifatida qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Ekologiya boshqarmasi boshlig‘i 9 sentabr kuni Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi «a» bandi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, davlat yoki jamiyatga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazish)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumonlanib, hibsga olingandi.

Bosh prokuratura u asosiy vazifasi ekologiya va atrofni muhitni muhofaza qilishga oid qonunchilik talablari ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish kerak bo‘lgan holda, o‘z mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib, go‘yoki daraxtlarni ko‘chirishga ruxsat berganligi vaji bilan ularning nobud qilinishiga sharoit yaratib bergani qayd etgan.

Farhod Dehqonov hibsga olingandan so‘ng Rasul Kusherboyev o‘z kanalida prokuraturadan «agar xolis bo‘lsa», Chilonzor tumani prokurori va hokimiga ham nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atishni va ularni qamoqqa olishni talab qilgan videosini e’lon qilgandi.

«Aks holda prokuratura daraxt himoyachilarini sindirib, «yerfurush»larni himoya qilmoqchi, degan xulosa kelib chiqadi. Ayniqsa, Uchtepada. Darvoqe, Uchtepada gap ko‘p. Bunga alohida to‘xtalamiz. Demak, boshlanishiga Chilonzordagi prokuror va hokimga jinoyat ishi ochilishini kutamiz», — deb yozgan u.

Keyinchalik deputat postni o‘chirib tashladi.

Ma’lumot o‘rnida, avvalroq Chilonzor tumanida 58 tup, Uchtepa tumanida 42 tup daraxt noqonuniy ravishda kesib tashlangani aniqlangandi.