O‘zbekistonning birodar afg‘on xalqiga 58 tonnalik zarur oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat navbatdagi insonparvarlik yordami ko‘rsatildi, deya xabar bermoqda Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Mahsulotlar ortilgan avtomashinalar Hayraton chegara o‘tkazish punkti orqali qo‘shni mamlakatning Balx viloyati shimolidagi Kaldor tumaniga yetkazib berildi.

«Bu galgi ko‘rsatilgan yordam avvalgilaridan farqli ravishda, og‘ir ijtimoiy sharoitda yashayotgan oilalarning o‘zlariga tarqatildi», — deyiladi xabarda.


420 ta oilaga mo‘ljallangan insonparvalik yordami tarkibida 50 kilogramdan un, 25 kilogramdan guruch, 10 kilogramdan shakar, 10 litrdan yog‘, 10 bankadan tushonka, 10 bankadan murabbo, 2 qutidan makaron, 2 qutidan lapsha mahsulotlari mavjud.

Shuningdek, insonparvarlik yuklari 11−12 sentabr kunlari qo‘shni mamlakatning boshqa hududlariga ham yetkaziladi.