Finlyandiyaning Markaziy Osiyodagi maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchisi Ilkka Raysanen va BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska BMTTD va O‘zbekiston hukumatining qonun ustuvorligini mustahkamlash va inson huquqlarini himoya qilish borasidagi hamkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlik shartnomasini imzoladilar.

Tashkilot matbuot xizmatining xabar berishicha, O‘zbekistonda qonun ustuvorligi va samarali boshqaruvning barqarorligini ta’minlashda qo‘llab-quvvatlash BMTTD uchun ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi, chunki bu BRM va 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi vazifalarni amalga oshirish uchun strategik shartdir.

Qiymati 1,5 mln yevro bo‘lgan loyiha aholining eng zaif qatlamlariga alohida e’tibor qaratgan holda odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashga e’tibor qaratadi. Milliy hamkorlar bilan birgalikda ishlab chiqiladigan yangi loyiha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda fuqarolik jamiyati vakillari, advokatlar assotsiatsiyasi, yuridik akademik hamjamiyat va boshqa manfaatdor tomonlarning keng va faol ishtirokida uch yil muddatda quyidagi uchta asosiy ustuvor yo‘nalishga e’tibor qaratgan holda amalga oshiriladi:

  • bepul yuridik yordam ko‘rsatish markazlarini qo‘llab-quvvatlash hamda «Bepul yuridik yordam to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahririni joriy etish orqali birlamchi va ikkinchi darajali bepul yuridik yordam ko‘rsatishni kengaytirish orqali aholining eng ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;
  • Ombudsman markaziy apparati va hududiy vakillarining aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari huquqlarini ilgari surish, ta’minlash va himoya qilish bo‘yicha salohiyatini rivojlantirish;
  • fuqarolik jamiyatining odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini va inson huquqlarini hurmat qilish madaniyatini ilgari surish uchun salohiyatini kuchaytirish.

«Endilikda, «Yangi O‘zbekiston» transformatsiyasining dastlabki bosqichida mamlakatning ijtimoiy himoyaga muhtoj va zaif qatlamlari huquqlarini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarni faollashtirish vaqti keldi. Ularning ko‘pincha turli sabablarga ko‘ra huquqlarini amalga oshirishda to‘siqlarga duch kelishlarinig sabablari huquqiy madaniyatning pastligi, hududlarning uzoqligi, yuridik xizmatlarning yuqori narxi va boshqalar bo‘lishi mumkin», — deyiladi tashkilot xabarida.