Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Farhod Dehqonov hibsga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Bo‘lim boshlig‘i 9 sentabr kuni Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi «a» bandi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, davlat yoki jamiyatga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazish)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumonlanmoqda.

«Farxod Dehqonov asosiy vazifasi ekologiya va atrofni muhitni muhofaza qilishga oid qonunchilik talablari ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish kerak bo‘lgan holda, o‘z mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib, go‘yoki daraxtlarni ko‘chirishga ruxsat berganligi vaji bilan ularning nobud qilinishiga sharoit yaratib bergan», — deyiladi boshqarmada.

8 sentabr kuni Chilonzor va Uchtepa tumanlarida bir-biriga chegaradosh 100 tup daraxt kesib tashlangani ma’lum bo‘ldi.

Jumladan, Chilonzor tumani prokuraturasi binosi oldida Dream House Stroy qurilish kompaniyasiga ajratilgan 0,2 gektar maydondagi 58 tup ko‘p yillik daraxt bir kechada kesildi. Mazkur fakt yuzasidan prokuratura tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ertasi kuni departament quruvchidan qariyb 800 mln so‘mlik zarar undirilgani, shuningdek, 3 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olinganini ma’lum qildi.

O‘zbekiston Ekologiya davlat qo‘mitasi daraxtlarni kesishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida quruvchi xabardor qilinganini va daraxtlarni saqlab qolishi to‘g‘risida kafolat xati imzolangani haqida xabar berdi. 17 fevral kuni kompaniya daraxtlarni kesish uchun ariza berdi, ekologiya boshqarmasi buni rad etdi. Biroq, bu quruvchilarni daraxtlarni kesmasligiga to‘siq bo‘lolmadi.

O‘sha kuni yana bir holat ma’lum bo‘ldi. Lutfiy va Katta Xirmontepa ko‘chalari kesishmasidagi panjara bilan o‘ralgan hududda 42 tup daraxt qurib qolgan. 2020 yil 21 fevralda (keyinchalik daraxtlarni kesishga moratoriy muddatsiz ravishda joriy qilingan davrda) Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev qarori bilan Goroda Stroy 1 gektar yer uchastkasi oldi.

Joriy yilning 8 sentabr kuni hududga tashrif buyurgan Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev 42 ta daraxtdan 27 tasi o‘zboshimchalik bilan boshqa joyga ko‘chirilganini yozdi. O‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar 425 mln so‘mni tashkil etadi. Ekologiya boshqarmasi hujjatlarni to‘ldirib, prokuraturaga topshirdi, biroq «shu paytgacha jimlik» ekani aytilmoqda.

Taxminan bir soat o‘tgach, Bosh prokuratura ushbu holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi bilan (ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.