Buyuk Britaniya taxtining vorislik kengashi Charlz III ni mamlakatning yangi qiroli deb rasman e’lon qildi, deya xabar bermoqda BBC.

Deklaratsiyani ustunlik tartibida sanaganda taxt vorisi shahzoda Uilyam, qirolicha konsorti Kamilla, kengash rahbari, Buyuk Britaniya bosh vaziri Liz Trass va Kenterberi arxiyepiskopi darhol imzoladi.

Marhuma qirolicha uchun motam belgisi sifatida marosim meysteridan tashqari barcha ishtirokchilar qora yoki binafsha rangda kiyingan.

Tomoshabinlarning birinchi qatorida Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vazirlari — Boris Jonson, Jon Meyjor, Gordon Braun, Devid Kemeron, Tereza Mey bor edi. Ular bilan birga Britaniya muxolifati yetakchisi, Leyboristlar partiyasi rahbari Sayrus Starmer ham marosimda ishtirok etdi.

Bu tarixiy marosim birinchi marta qirolning qarori bilan binoga kameralar kirishiga ruhsat berilib, televideniyeda namoyish etildi.

Charlz o‘z bayonotida onasining o‘limini e’lon qilish uning «eng qayg‘uli burchi» ekanligini aytdi.

«O‘rnini to‘ldirib bo‘lmas yo‘qotishni biz boshimizdan kechirgan paytda siz, butun millat va aytishim mumkinki, butun dunyo menga hamdard bo‘lganligini bilaman. Mening singlim va ukalarimga (Charlz oilada eng katta farzand) ko‘pchilik tomonidan bildirilgan hamdardlik men uchun ulkan tasalli bo‘ldi», — dedi u.

Shu vaqtgacha Buyuk Britaniya qirolichasi bo‘lgan Yelizaveta II 96 yoshida vafot etdi. Mamlakatda 12 kunlik motam e’lon qilindi. Motam dafn marosimiga qadar davom etadi. Yelizaveta II Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya va boshqa 12 mustaqil davlatni 70 yil boshqardi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» qirolicha Yelizaveta II ning bolaligi, uning taxtga o‘tirishi hamda u haqidagi eng qiziqarli xotiralarni taqdim etgandi.