«Bunyodkor» futbol klubi bosh direktori va bosh murabbiyi lavozimidan ozod etildi. Bu haqda klub prezidenti, shuningdek «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda aytildi.

«Bunyodkor» futbol klubida amalga oshirilayotgan ishlar qoniqarsiz holatda, natijalar esa achinarli ahvolda ekanligi, holatni yaxshilash va sog‘lomlashtirish uchun klubda va direksiya rahbariyatida o‘zgarishlar amalga oshirilgani ma’lum qilindi.


Bunday salbiy natijalar uchun avvallari moliyalashtirishdagi muammolar bahona qilingani, hozirda bu sohada muammo yo‘qligi aksincha klub va direksiya uchun zarur barcha mablag‘lar, oylik-maoshlar va mukofot pullari o‘z vaqtida berilayotgani aytildi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda homiy «O‘zbekneftgaz» tomonidan klubning 393 nafar xodimlariga oktabr oyi uchun 1 mlrd 532 mln so‘mdan ko‘proq oyliklarini to‘lab berish kechikkan.

Bunda klub direktori hamda asosiy jamoa murabbiyining o‘z vazifalarini yetarli darajada bajarmaganligi sabab ishdan olindi. Klubga Ulug‘bek Mirzayev o‘rniga «Bunyodkor» Akademiyasi direktori Aziz Haydarov direktor bo‘ldi.

Aziz Haydarov. Foto: «O‘zbekneftgaz» AJ

Asosiy jamoa murabbiyi Viktor Karpenko o‘rniga «Bunyodkor» U-21 jamoasi bosh murabbiyi Ivan Boshkovich tayinlanadi. Boshkovich futbolchi va murabbiy sifatida Yevropa futboli bilan tanish. Uning tajribasi jamoadagi natijalarni o‘zgartirishiga umid bildirildi, deyiladi xabarda.

Ivan Boshkovich. Foto: «O‘zbekneftgaz» AJ

Unga avvalo jamoadagi muhitni o‘zgartirish, futbolchilar bilan alohida ishlash bo‘yicha topshiriq va vazifalar berildi. U bosh murabbiy faoliyatiga aralashsa, jazolanadi.

«Bunyodkor» akademiyasi direktorligiga, Akademiyada faoliyat yuritib kelayotgan Islom Ahmedov tayinlanadi. Keltirilishicha, u futbolda katta tajribaga ega ekspert.

Islom Ahmedov. Foto: «O‘zbekneftgaz» AJ

Ma’lumot uchun, «Bunyodkor» FK Superliga joriy mavsumining 18-turidan so‘ng jamoa 20 ochko jamg‘argan holda 9-o‘rinda bormoqda. Jamoa 18 ta o‘yinda 20 ta gol urgan bo‘lsa, 29 ta to‘p o‘tkazib yuborgan yoki to‘plar nisbati -9 ga teng. Superliganing 2021 yil mavsumida jamoa 18-turdan so‘ng 29 ochko jamg‘argan holda 5-o‘rinni egallab turgan edi. To‘plar nisbati esa +12.