Sirdaryo viloyati prokuraturasi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Guliston shahar istirohat bog‘ida daraxtlarning kesib tashlanganligi to‘g‘risidagi xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, 2022 yil 8 sentabrda tegishli xulosa va ruxsatnomalarsiz, qonunga xilof ravishda Guliston istirohat bog‘i hududida 16 tup tol va terak daraxtlari kesilib, yana 5 tup daraxtga jiddiy zarar yetkazilgan.


«Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 yanvardagi «Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlarda daraxtlar va butalardan foydalanishni tartibga solish va ulardan foydalanish sohasida ruxsat berish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi 43-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomning 45-bandida daraxtlar va butalarni Davlat ekologiya qo‘mitasi organlarining xulosalari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari ruxsatnomalarisiz kesish noqonuniy hisoblanishi belgilangan», — deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan Guliston prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentning Chilonzor tumanida 58 tup, Uchtepa tumanida 42 tup daraxt noqonuniy ravishda kesib tashlangani aniqlangandi. Ikkala holat yuzasidan ham Toshkent shahar prokuraturasi tegishli shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Bundan tashqari, avgust boshida Chilonzor ko‘chasini kengaytirish bahonasida 101 tup daraxtga shikast yetkazilgandi. Ushbu mojaro xabari davlat rahbarigacha yetib borgandi. Prezident topshirig‘iga asosan Chilonzor tumani hokimi Shavkat Mavlonov va prokurori Izzat Bozorov ishdan bo‘shatilgandi. Qolaversa, poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va prokurori Ulug‘bek Qosimovga qattiq hayfsan berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 30 dekabrdagi farmoni bilan mamlakatda daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriy joriy qilindi. Shunga qaramasdan hududlarda daraxtlarni noqonuniy kesish holatlari davom etmoqda.