Samarqand tumani hududidan oqib o‘tuvchi «Darg‘om» kanaliga neft mahsulotlari oqizib yuborilgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat Davlat ekologiya qo‘mitasining ishchi guruhi tomonidan tezkorlik bilan o‘rganildi.

Natijada Samarqand tumanining Andijon MFYda joylashgan «NURSHOD UNIVERSAL SAVDO» MCHJga qarashli suyultirilgan gaz saqlash omboridagi neft mahsulotlari (pech yoqilg‘isi) saqlash sig‘imidan oqib ketgani ma’lum bo‘ldi. Buning oqibatida 1 tonna neft mahsulotlari joy relefiga to‘plangan va polietilen truba yordamida «Darg‘om» kanaliga oqizilib, suv va joy relefi ifloslantirilgan.

Korxona hududiga to‘kilgan neft mahsulotlari bilan ifloslantirilgan yer maydoni o‘lchanganda 86,4 metr/kub ekani ma’lum bo‘ldi.

Ishchi guruh tomonidan «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunining 34-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 apreldagi 202-son qaroriga asosan atrof tabiiy muhitni ifloslantirganlik va chiqindilarni joylashtirganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari hisob-kitob qilinganida 1 204 401 864 so‘mni tashkil etdi.


Korxonaning xavflilik darajasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 sentabrdagi 541-sonli qaroriga asosan 1-toifaga mansub ekanligi va korxona ekologik normativ hujjatlarsiz faoliyat olib borganligi aniqlandi.

Aniqlangan huquqbuzarlik holatlari yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 65-moddasi 4-qismi (qishloq xo‘jaligi va boshqa yerlarni yaroqsiz holga tushirish, ularni ishlab chiqarish chiqitlari va boshqa chiqindilar, kimyoviy va radioaktiv moddalar hamda oqova suvlar bilan ifloslantirish) bilan ma’muriy jarima qo‘llanilgan.

Korxona faoliyatini to‘xtatish va atrof tabiiy muhitni ifloslantirganlik va chiqindilarni joylashtirganlik uchun hisoblangan kompensatsiya to‘lovini undirish yuzasidan iqtisodiy sudga kiritish uchun da’vo arizasi tayyorlanayotgani ma’lum qilingan.