9 sentabr kuni Toshkent shahrida Mubadala va TAQA (BAA) kompaniyalarining «Talimarjon IES»ga keng ko‘lamli investitsiyalarini kiritishlarini nazarda tutuvchi bitimlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu xaqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.

Marosimda BAA tomonidan energetika va infratuzilma vaziri Suxeyl al-Mazrui hamda Mubadala va TAQA kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi. O‘zbekiston tomonidan bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev, Energetika vazirligi, «Milliy elektr tarmoqlari» va «Issiqlik elektr stansiyalari» aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlari ishtirok etdi.

Imzolangan bitimlar «Talimarjon» issiqlik elektr stansiyasini boshqaradigan qo‘shma korxona tashkil etishni nazarda tutadi. BAA kompaniyalarining investitsiyalari qo‘shma korxonaning 300 million dollarlik ustav kapitalidagi 80 foiz ulushi uchun to‘lov hamda ilgari «Talimarjon IES» AJ tomonidan jalb qilingan tahminan 700 million dollarlik kreditlarni to‘lashga yo‘naltirilgan mablag‘lardan iborat. Umumiy investitsiya miqdori 1 mlrd dollarni tashkil etmoqda.

Imzolangan bitimlar BAA kompaniyalari uchun «Talimarjon IES» va boshqa issiqlik elektr stansiyalarini elektr energiyasini ishlab chiqarishning birlashtirilgan siklining eng zamonaviy bug‘ — gaz qurilmalari bilan jihozlash orqali ularning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga qo‘shimcha investitsiyalar kiritish imkoniyatini beradi, deyiladi xabarda.

«Strategik energetika sanoatida chet el investitsiyalarining faol ishtiroki yirik infratuzilma aktivlarini tashqi qarz olish yo‘li bilan moliyalashtirishning an’anaviy yondashuvini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga o‘zgartirishga imkon beradi va shu bilan respublika tashqi qarzi bilan bog‘liq holatning barqarorligini va suveren kredit reytingining izchil yaxshilanishini ta’minlaydi», — deya qayd etiladi vazirlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, IESning BAA kompaniyalari tomonidan modernizatsiya qilinishi va investitsiya kiritilishi yuzasidan 2019 yildan buyon muzokaralar o‘tkazilib kelinmoqda.