O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 avgust kuni poytaxtdagi qayta ta’mirlangan Milliy bog‘ga tashrif buyurgach, u yana o‘z faoliyatini boshladi. «Gazeta.uz» muxbirlari Mirolim Isajonov va Madina A’zam qisqa vaqt ichida gavjum maskanga aylangan bog‘dan fotoreportaj tayyorlashdi.

90 yil avval, ya’ni 1932 yilda hashar yo‘li bilan qurilib, 2017 yilning kuzida yopilgan Milliy bog‘ning oradan besh yil o‘tgach, qanday qiyofaga kirganini ko‘rish uchun metro orqali yo‘l oldik.

Toshkent metrosining «Milliy bog‘» bekatidan chiqiboq, parkka o‘sha yerdagi darvozadan kirishni rejalashtirgandik. Afsus, bog‘dagi avvalgi ko‘l o‘rnida qurilish ishlari olib borilayotgani tufayli bu yerdan kirishga taqiq qo‘yilgan ekan. Metrodan 300 metr naridagi Adiblar xiyoboni darvozasi orqali parkka kirishga qaror qildik.

Toshkent metrosining «Milliy bog‘» bekati va Milliy bog‘ning eski kirish qismi

Adiblar xiyoboni oralab Milliy bog‘ hududi sari yurarkanmiz, chap tarafimiz bannerlar bilan to‘silganiga ko‘zimiz tushdi. Uning orqa tomoni — eski ko‘l hududi o‘rnida esa qurilish ishlari amalga oshirilayotganini texnikalar ovozidan sezish qiyin emas. Alisher Navoiy haykali poyidan esa qurilish jarayonini yaqqol ko‘rish mumkin.



Haykalning o‘ng tarafida o‘nlab daraxtlarning shoxlari kesilib, kallaklab tashlangan manzara har qanday insonning ko‘ziga tashlanishi, ona tabiatni sevgan kishining dilini g‘ash qilishi shubhasiz.



«Mashhur gummaxona qayta tiklandi»

Milliy bog‘ direktori o‘rinbosari Sherzod Xudoyorovning ta’kidlashicha, park hududi 13 gektarni tashkil etadi. Ishlash tartibi soat 10:00 dan 00:00 gacha bo‘lib, shu atrofdagi aholi yoki sog‘lom turmush tarziga rioya qiluvchilar uchun esa ertalabki soat 06:00 dan ochiladi. Bog‘ hududiga kirish — bepul.


Milliy bog‘ direktori o‘rinbosari Sherzod Xudoyorov

«Mazkur park oldin ham mavjud edi va hamma uchun qadrdon joy bo‘lgan. Avval ham daraxtlar ko‘p bo‘lgan. Bog‘ning ta’mirlangan qismiga qo‘shimcha ravishda 2 mingga yaqin turli daraxtlar o‘tqazildi, 60 mingdan ko‘proq buta ko‘chatlari ekildi», — deydi u.






Uning qo‘shimcha qilishicha, parkda ilgari mavjud bo‘lgan infastruktura qayta tiklangan. Milliy bog‘ning foydalanishga topshirilgan qismida yuzdan ortiq o‘rindiqlar mavjud. Butun park hududiga landshaft chiroqlar hamda yuzlab videokameralar o‘rnatilgan.

«Oldin ko‘lning labida gummaxona bo‘lgan, mehmonlar sevib iste’mol qilgan. O‘sha gummaxona ham qayta faoliyat boshladi. Bundan tashqari, ikkita ovqatlanish shoxobchasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan», — deydi Sherzod Xudoyorov.

«Ko‘lni qayiqda aylanish 20 ming so‘m»

Ma’lum qilinishicha, parkdagi ko‘lning umumiy maydoni 4 gektar bo‘lib, uning ichida ikkita orolcha qurilgan. Ko‘lda to‘rtta favvora mavjud, ular doimiy ravishda ishlab turadi. Favvoralarga rangli chiroqlar o‘rnatilgan.

«Ko‘lni qayiq orqali aylanish bir kishi uchun 20 ming so‘m etib belgilangan. Parkimizning yuragi, albatta, ko‘l hisoblanadi. Uni ozoda tutishga katta ahamiyat qaratamiz», — deydi Sherzod Xudoyorov.





Qayd etilishicha, ko‘lning eng chuqur joyi 1,5 metrni tashkil etadi. Ko‘l ustiga qurilgan ko‘priklardan sakrash mumkin emas.

«Bizning hamma chora-tadbirlarimiz fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan. Aytish kerakki, odamlarni qayiqlarga mindirish va qabul qilib olish tayyorgarlikdan o‘tgan xodimlar tomonidan amalga oshirilyapti. Motorli qayiqlarning barchasini kamida uch yillik tajribaga ega xodimlar boshqaradi. Ko‘rib turibsizlar, nafaqat bizning xodimlar, balki Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari ham ko‘l yuzasini muntazam kuzatib yuradi, monitoring ishlarini ham olib boramiz», — deydi Milliy bog‘ direktori o‘rinbosari.






Ko‘ldan nega badbo‘y hid kelmoqda?

Ta’kidlanishicha, suv sizib chiqmasligi va loyqalanmasligi uchun ko‘l tubiga maxsus qoplamalar yotqizilgan, qirg‘oqlar tartibga keltirilgan. Biroq bog‘ga Magic City ko‘ngilochar dam olish maskani tarafdan kirib, chap tomonga ko‘l bo‘ylab yurarkansiz, badbo‘y hid dimoqqa uriladi. Yuz metr yurgach, ko‘l ustidagi birinchi ko‘prikdan o‘tayotib ham xuddi shunday hidni sezasan kishi. Bog‘ rahbariyati mazkur holatga quyidagicha izoh berdi:

«Ko‘lga suv avvalgi eski tizim bo‘yicha keladi, ya’ni anhordan quyilib, yana anhorga chiqib ketadi. Shunisi ahamiyatliki, bu safar suv anhordan olinishdan oldin filtrdan o‘tkaziladi. Ko‘lda sasish holati kuzatilishiga sabab — ko‘ldagi suv oxirigacha filtr bo‘lmagan. Bu suv bir marta to‘liq tushiriladi. Buning uchun esa ikki hafta vaqt ketadi va parkni yopishimizga to‘g‘ri keladi. Shu bois havo biror kun salqin bo‘lsa, o‘shanda suvni to‘liq tushirish rejalashtirilgan. Ko‘l filtrli suv bilan to‘lganidan so‘ng bunday hid yo‘qoladi», — deydi bog‘ rahbariyati.

Ko‘lning badbo‘y hid taralayotgan qismi



Xuddi shu atrofda ham bir qancha daraxtlarning shoxlari kesilib, kallaklab tashlanganini ko‘rish mumkin. Ayrimlari hatto qurib qolgan.

Bog‘ni ta’mirlash jarayonida qancha daraxtga shikast yetkazilgani bo‘yicha bog‘ direktori o‘rinbosari Sherzod Xudoyorovdan izoh so‘radik. U esa: «Menda bu bo‘yicha ma’lumot yo‘q», — deya javob qaytardi.


Cho‘milish havzasi qachon ishlaydi?

Reportaj tayyorlash jarayonida guvohi bo‘ldikki, parkda qayiqlardan boshqa aholi, ayniqsa, bolalar uchun ko‘ngilochar attraksionlar yo‘q. «Barcha shart-sharoitlar odamlarning sayil qilishi uchun mo‘ljallangan», — deya izoh berdi Sherzod Xudoyorov.


Uning ta’kidlashicha, ko‘l hududida maxsus cho‘milish havzasi ham barpo etilgan. Ammo u hali ishga tushgani yo‘q. Hozirgi vaqtda cho‘milish havzasida test-sinovi amalga oshirilmoqda. Tez kunlarda foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.

«Cho‘milish havzasining eng chuqur joyi 1,2 metrdan iborat. Insonlarni cho‘kib ketmasligi uchun mana shunday chuqurlikda barpo etilgan», — deydi u.




Alohida ta’kidlash kerakki, Milliy bog‘ga asosan, uchta nuqtadan: Magic City ko‘ngilochar dam olish maskani va Adiblar xiyoboni orqali hamda Baynalminal ko‘chasida qad rostlayotgan Seul mun kompleksi ro‘parasidagi darvoza orqali kirish mumkin.