Bektemir tumani «Sharq» postidagi YPX maskanida Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida tug‘ilgan M. ismli shaxs o‘zining voyaga yetmagan qizi orqali kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi dorilarni olib o‘tmoqchi bo‘lganda qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkent shahar IIBB Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi hamda DXX xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan tezkor profilaktika tadbirlar davomida 12 dona «Tropikamid» va 256 dona «Regapen» psixotrop dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.

Gumonlanuvchining aytishi bo‘yicha u dori vositalarini o‘zining Sh. ismli tanishiga to‘rt mln so‘m evaziga sotishni reja qilgan. Shuningdek, u qizining bu holatdan xabari bo‘lmaganini ham qo‘shimcha qildi.

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 251−1-moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.