8 sentabr kuni Andijonning Paxtaobod tumanida 38-sonli maktabga o‘quvchilar oyoqyalang kirgizilgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga viloyat XTB matbuot xizmati munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, maktab 310 o‘ringa mo‘ljallangan, bu sig‘im hududda yashovchi bolalarni ta’lim bilan to‘liq qamrab olish talabiga javob berolmay qolgan va u yerga investitsiya dasturi asosida 300 o‘rinli qo‘shimcha bino qurilgan.

Maktabda toza va ozodalikni saqlash uchun bolalar binoda alohida oyoq kiyim kiyishi belgilangan. Tarmoqlarda tarqalgan video o‘quvchilar sinfxonalaridagi oyoq kiyimlari kiyilgunga qadar yo‘lakda yurgan vaqtlarida tasvirga olingan.

Keltirilishicha, o‘quvchilar oyoq kiyimlarini almashtirilgunga qadar yo‘lakda yurishining ta’lim sifatiga umuman ta’siri yo‘q, qolaversa o‘quvchilar uchun noqulaylik keltirib chiqishiga sabab bo‘lgan.

Shuni inobatga olgan holda Andijon viloyati XTB boshlig‘ining buyrug‘iga asosan maktab direktori O. X hamda Paxtaobod tumani xalq ta’limi bo‘limi mudirining buyrug‘iga asosan maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktori o‘rinbosari M.B.larga intizomiy chora qo‘llanildi.

Maktab ma’muriyatiga esa, ta’limga aloqador bo‘lmagan «tashabbus»larni ilgari surmasliklari, ta’lim jarayonlari Xalq ta’limi vazirligi va qonunchilikda belgilangan tartib-qoidalar asosida olib borilishi va mana shunday holatga takroran yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan qat’iy ogohlantirishlar berildi.