Prezident farmoni bilan O‘zbekiston Strategik rivojlanish agentligi negizida prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi tashkil etildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar beradi.

Agentlik mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda alohida soha va tarmoqlarni isloh qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi. Ularning amalga oshirilishini tashkil etadi va nazorat qiladi.

Shuningdek, soha va tarmoqlarda amalga oshirilayotgan islohotlarni tanqidiy tahlil qilgan holda ularning samaradorligini baholaydi. Rasmiyatchilik, sansalorlik va korrupsiyaviy holatlarga sharoit yaratuvchi tizimli muammolarni aniqlaydi va ularni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘radi.

Shu bilan birga, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va davlat dasturlarining ijrosini monitoring qilish asosida ularning to‘laqonli va sifatli amalga oshirilishini muvofiqlashtirish ham ularning vazifasiga kiradi.

Xalqaro moliya institutlari, chet el tashkilotlari va xorijiy mutaxassislarni hamda beg‘araz ko‘mak mablag‘larini jalb qilish ishlarini tizimli tashkil etadi. Ular bo‘yicha axborot va hisobotlarning ma’lumotlar bazasini yaratiladi.

Davlat ishtirokidagi korxonalarni transformatsiya qilish, jumladan hisobotlarni xalqaro standartlar asosida tuzish, boshqaruv organlari tarkibiga mustaqil a’zolarni kiritish va sohaga oid bo‘lmagan aktivlardan samarali foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligini monitoring qilish bilan shug‘ullanadi.

Bundan tashqari, prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligining kengashi tuzildi. Kengashga bir qator vakolatlar berildi.

Jumladan, 1 oktabrdan boshlab soha va tarmoqlarda islohotlarni amalga oshirish, ularni muvofiqlashtirish hamda natijadorligini baholash tartibi joriy etiladi.

Agentlik har yili 1 oktabrga qadar keyingi yil uchun isloh qilinadigan tegishli soha va tarmoqlar bo‘yicha ish rejani tasdiqlash uchun agentlikning kengashiga kiritadi.

Belgilanishicha, agentlik bosh direktori va uning o‘rinbosarlari prezident tomonidan lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Agentlik bosh direktori maqomi, mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shart-sharoitlariga ko‘ra prezidentning maslahatchisiga tenglashtiriladi.