SHHT — G‘arbga qarshi yaratilgan tashkilot emas, Samarqandda bo‘lib o‘tadigan davlat rahbarlari sammitining kun tartibida global geosiyosiy inqiroz bilan bog‘liq masalalar yo‘q. Bu haqda O‘zbekistonning SHHT ishlari bo‘yicha milliy koordinatori Rahmatulla Nurimbetov ma’lum qildi.

Mazkur bayonot so‘nggi kunlarda Rossiya ommaviy axborot vositalarida SHHT Xitoy va Rossiyaning NATOga javobi ekanligi to‘g‘risida chop etilgan materiallarga javob nuqtai nazaridan qilindi. Mazkur turdagi xabarlarni, xususan Lenta.ru va «Komsomolskaya pravda» e’lon qilgandi.

Rahmatulla Nurimbetov sammit kun tartibida tashkilotga a’zo bo‘lmagan davlatlar bilan bog‘liq murojaatlar yoki bayonotlar qilinmasligini ta’kidladi.

«Albatta, davlatlar rahbarlari global va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashishlari mumkin. Biroq, rezolyutsiya loyihasi, qo‘shma hujjatlar va eng muhimi, Samarqand deklaratsiyasida geosiyosiy maqsadlarni ko‘zlovchi masalalar bo‘yicha hech qanday bayonot va murojaatlar mavjud emas va bo‘lmaydi», — dedi u.

«Ushbu tashkilotda har bir masala va kun tartibi konsensus asosida shakllantiriladi. Avvalo, milliy koordinatorlar tadbir kun tartibidagi har bir masalani muvofiqlashtiradi. Shundan so‘ng, u tashqi ishlar vazirlari darajasida ko‘rib chiqiladi. Samarqand sammitining kun tartibi tashqi ishlar vazirlari tomonidan 29 iyuldayoq tasdiqlangandi. Va unda global geosiyosiy inqirozlar haqida biror gap yo‘q», — dedi Rahmatulla Nurimbetov.