Toshkent shahrida 8 sentabr kuni Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining navbatdagi 14-sammiti o‘z ishini boshladi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Sammitning COVID-19 pandemiyasi va u bilan bog‘liq inqiroz oqibatlarini hisobga olgan holda, barqarorlik va farovonlikni ta’minlash maqsadida gender tenglikni ta’minlash hamda xotin-qizlarning huquqlarini kengaytirish bo‘yicha parlamentlar faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari va harakatlarini belgilash maqsadida o‘tkazilmoqda.

BMT, Parlamentlararo ittifoq, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament Assambleyasi kabi xalqaro tashkilotlar rahbarlari, 17 ta davlatdan 120 dan ortiq parlament vakillari ishtirok etgan tadbir avvalida prezident Shavkat Mirziyoyevning ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatini uning matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

«Bunday formatdagi uchrashuv O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilmoqda. Buni mamlakatimizda, jumladan, parlamentarizm va gender siyosatni rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan izchil demokratik islohotlar natijalarining xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirofi deb bilamiz», — deyiladi prezident murojaatida.

Sammitni Senat raisi Tanzila Narbayeva kirish so‘zi bilan ochar ekan, anjumanda pandemiya oqibatida yuzaga kelgan jiddiy ijtimoiy va iqtisodiy inqirozlarni, xususan, yangi xavf-xatarlarni bartaraf etish bo‘yicha konstruktiv takliflar ishlab chiqish, ularni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlarni belgilab olish maqsad qilinganini ta’kidlab o‘tdi.

«Bugun turli nizolar, yangi xatarlar va to‘qnashuvlar keskin tus olmoqda, yaqin kelajakda dunyoda qanday siyosiy-iqtisodiy tartib hukmron bo‘lishini hech kim bashorat qilolmayapti. So‘nggi yillarda xalqaro hamjamiyatda dunyoning deyarli barcha davlatlari pandemiya tufayli savdo-iqtisodiy aloqalarning qisqarishi, ijtimoiy hayotning turli yo‘nalishlaridagi xatarlarning ortishi, ishlab chiqarish hajmlarining kamayishi, ishsizlik darajasi oshishi kuzatilmoqda», — dedi Tanzila Narbayeva.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda pandemiya oqibatida yuzaga kelgan inqirozdan keyingi iqtisodiyotning qayta tiklanish jarayonini barqarorlashtirish, jadallashtirishda xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini birlashtirish masalasi har qachongidan ko‘ra muhim ahamiyatga ega.

Foto: Senat matbuot xizmati.

Senat raisining aytishicha, pandemiya tufayli mehnat bozorida faoliyat yuritayotgan ayollarning 5 foizi pandemiya davrida ishsiz qoldi. Oilalarda yuzaga kelgan murakkab vaziyat ortidan xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari ko‘paydi, ularning ijtimoiy va iqtisodiy holati keskin yomonlashishi oqibatida jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklar soni ortdi.

«Shundan kelib chiqqan holda, bugungi sammitda pandemiya oqibatida yuzaga kelgan jiddiy ijtimoiy va iqtisodiy inqirozlarni, xususan, yangi xavf-xatarlarni bartaraf etish bo‘yicha konstruktiv takliflar ishlab chiqish, ularni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlarni belgilab olishni oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz», — dedi u.

Shuningdek, Parlamentlararo Ittifoq raisi Duarte Pacheko so‘zga chiqib, Toshkent sammiti yuqori darajada tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirib, ko‘rilayotgan masalalar, ulardan kelib chiqadigan xulosalar xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini yanada samaraliroq ta’minlashga xizmat qilishini qayd o‘tdi.

Foto: Senat matbuot xizmati.