Shavkat Mirziyoyev 8 sentabr kuni Toshkentda o‘tayotgan jahon mamlakatlari parlamentlari ayol rahbarlarining sammiti doirasida mamlakatda bo‘lib turgan Parlamentlararo ittifoq raisi Duarte Pacheko va bosh kotibi Martin Chungongni hamda bir qator mamlakatlarning parlament rahbarlarini qabul qildi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari uchrashuvda O‘zbekistonning Parlamentlararo ittifoq bilan sermahsul hamkorligi jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi. Parlamentlararo ittifoqning yuqori darajali vakillari O‘zbekiston yetakchisiga qo‘shma tashabbuslarni ilgari so‘rishda ko‘rsatayotgan har tomonlama ko‘mak uchun minnatdorlik bildirib, Yangi O‘zbekistondagi yangilanishlar va islohotlar dasturini to‘liq qo‘llab-quvvatladi.


Uchrashuvda barqaror rivojlanish, demokratik qadriyatlarni ilgari surish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash sohalaridagi maqsad va vazifalarga erishish, ittifoqning Innovatsiyalar markazi bilan hamkorlik qilish kabi yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, davlat rahbari Rossiya Federal Majlisi Federatsiya Kengashi raisi o‘rinbosari Galina Karelovani qabul qildi. U O‘zbekiston yetakchisiga Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenkoning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi. Uchrashuvda bunday sermahsul muloqotlarni, shu jumladan ko‘p tomonlama tuzilmalar — Parlamentlararo ittifoq va MDH Parlamentlararo assambleyasi doirasida davom ettirish muhimligi qayd etildi.


Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev sammitda ishtirok etayotgan Ozarbayjon Milliy Majlisi raisi Sohiba Gafarovani qabul qildi. Samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Sohiba Gafarova davlat rahbariga Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Suhbatda oliy darajadagi muntazam uchrashuv va muloqotlarda erishilgan kelishuvlarga muvofiq har tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib, amaliy shekriklik kengayib borayotgani alohida qayd etildi.


Shu bilan birga, prezident sammit doirasida mamlakatda bo‘lib turgan Turkmaniston Milliy Kengashi Majlisi raisi Gulshat Mammedovani qabul qildi. Uchrashuv avvalida Gulshat Mammedova O‘zbekiston yetakchisiga Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Milliy Kengash Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Muloqotda ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma kooperatsiya loyihalarini ilgari surish va madaniy-gumanitar almashinuv dasturini ilgari surishda ikki mamlakat parlamentlari muhim o‘rin tutishi alohida ta’kidlandi.