O‘zbekistonda 24 avgustdan — 12 sentabrgacha «Tashabbusli budjet» loyihasining 3-bosqichi — loyihalarga ovoz berish jarayoni ketayotgan edi. Hozirda muddat yana 5 kunga uzaytirilib, 17 sentabrgacha etib belgilangan.

Bunda fuqarolar infratuzilmani yaxshilash, xiyobonlar, bolalar va sport maydonchalari, ichki yo‘llarni qurish, maktablarni ta’mirlash va jihozlash hamda boshqa masalalar bo‘yicha loyihalarni taklif etib, mahalliy budjetning taqsimlanishida ishtirok etishlari mumkin.

Fuqarolar ovoz berish jarayonlarida ko‘proq ovoz to‘plash uchun aholiga turli iltimoslar bilan murojaat qilishmoqda. Masalan, kimlardir ijtimoiy tarmoqdarda odamlardan ovoz bergani evaziga telefon raqamiga pul tashlab berayotgan bo‘lsa, kimlardir «Ovoz bering, Pepsi iching» shiori ostida fuqarolardan o‘z loyihalariga ovoz to‘playapti. «Gazeta.uz» ulardan bir nechtasini jamladi.

Qolaversa, Telegram`da ham maxsus kanal va botlar ochilib, fuqarolar ovoz berish evaziga ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga pul beryapti.


Hozirda portalga 61566 ta tashabbusli loyiha kelib tushgan. Uning 37655 tasi ovoz berish jarayonida qatnashmoqda. Ular orasidan eng ko‘p ovoz to‘plagan loyihalar g‘olib deb topiladi.

Eslatib o‘tamiz, «Gazeta.uz» mazkur platforma va undan foydalanish tartiblari haqida qo‘llanma tayyorlagandi.