Zamin fondi BMTning Atrof-muhitni muhofaza qilish dasturi va milliy hamkorlar ko‘magi ostida «Toza havoning inson hayoti sifati uchun ahamiyati» mavzusida muhokama o‘tkazdi.

Fond Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva o‘z kirish so‘zida atrof-muhit holatiga har kim javobgarligini aytib, hamma birgalikda ish olib borishi kerakligini ta’kidladi.

«Sayyoramiz kelajagi — hammamizniki, demak, atrof-muhit holatiga har birimiz javobgarmiz, o‘zimizdan boshlab xususiy sektorgacha, jamoat tashkilotlaridan hukumatlargacha — hammamiz birgalikda ish olib borishimiz shart.

Bu borada amallarning katta-kichigi yo‘q, atrof-muhit uchun barcha harakatlar: o‘simliklarga zarar yetkazmaslik yoki kichik daraxt ekish ham, katta korxonalarda chiqindilarni kamaytirish ham o‘ta ahamiyatli", — dedi u.

Tadbirda «Atmosfera havosi ifloslanishi monitoringini avtomatlashtirish» loyihasini amalga oshirish doirasida erishilgan natijalar taqdim etildi.

Shuningdek, bu boradagi xalqaro tajriba muhokama qilindi, havoni nazorat qilish chora-tadbirlarini eng namunali xalqaro amaliyotga muvofiq holda takomillashtirish bo‘yicha kelgusi rejalar belgilab olindi.