Oliy sudining sudlov hay’ati Guljahon Yo‘ldoshevaning ishini apellyatsiyada takroran ko‘rish uchun JIB Toshkent viloyati sudlov hay’atiga qaytarib yubordi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Gap shundaki, sudlanuvchilar Toshkent viloyati sobiq bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva JIB Chirchiq shahar sudi tomonidan 2021 yil 5 aprelda chiqarilgan hukmdan norozi bo‘lib, apellyatsiya shikoyatini kiritgandi. Shuningdek, u bilan birga ushbu jinoyat ishi qatnashuvchilar J.Ziyadullayev, A.Dadamatov va J.Akimovalar ham arz qilgan.

Jumladan, Guljahon Yo‘ldosheva shikoyatida, unga oid jinoyat ishi bo‘yicha uni ayblovchi yetarli dalillar mavjud emasligini, dastlabki tergov va sud majlislari bir tomonlama, faqat uni ayblash tarafidan olib borilganligi, uning aybsizligi haqida vajlar keltirib, sud qarorlarini bekor qilib, oqlov hukmi chiqarishni so‘ragan.

Oliy sud sudyalari I.Raxmankulov, Sh. Tojiyev va D.Jo‘rayevdan iborat sudlov hay’ati JIB Toshkent viloyati sudlov hay’atining 2021 yil 23 noyabrdagi ajrimida JPKga zid holatlarni aniqladi.

Apellyatsiya instansiyasi sudi ishni ko‘rishda JPKning 22, 23, 95, 112, 464, 467-moddalarida belgilangan talablariga rioya qilmagan. Jumladan, haqiqatni aniqlash, aybsizlik prezumpsiyasi prinsiplariga hamda ayblov hukmi chiqarish asoslariga rioya qilmasdan, jinoyat sodir etilishining ish bo‘yicha barcha mumkin bo‘lgan holatlarini tekshirmagan, deyiladi xulosada.

Qolaversa, ish materiallarida ma’lum bo‘lib qolgan kam-ko‘stni to‘ldirmagan, yuzaga kelgan hamma shubha va qarama-qarshiliklarni bartaraf etmagan, sudlanuvchi, jabrlanuvchilar va guvohlarning ko‘rsatuvlarini, shuningdek, har bir dalilni ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan baholamagan.

Bundan tashqari, viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasi bemori F.Rustamov Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga o‘tkazilishi oqibatida vafot etgan holat yuzasidan Guljahon Yo‘ldosheva hujjatlarni soxtalashtirish bo‘yicha topshiriq berganligi tasdiqlanmagan. Ushbu epizod bo‘yicha JKning normalari to‘g‘ri qo‘llanilgan-qo‘llanilmaganligi yuzasidan xulosa apellyatsiya instansiya sudining ajrimida mavjud emas.

«Bunday holda apellyatsiya instansiyasi sudining ajrimini qonuniy va asosli deb bo‘lmaydi», — deyiladi Oliy sud sudlov hay’ati ajrimida.

Sudlov hay’atining ajrimiga ko‘ra, Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2021 yil 23 noyabrdagi ajrimining G.Yo‘ldosheva, J.Ziyadullayev, A.Dadamatov va J.Akimovalarga oid qismi bekor qilindi. Jinoyat ishining shu qismi yangidan apellyatsiya instansiyasi sudida ko‘rish uchun yuborildi. Shundan kelib chiqib, kassatsiya shikoyatlari qisman qanoatlantirildi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyat viloyat bosh infeksionisti 8 sentabr kuni Chirchiq shahridagi go‘zallik salonida ushlangan va bir kun o‘tgach, sud qarori bilan hibsga olingan edi. U sudlanuvchi sifatida 167-moddaning 3-qismining «a» bandi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish juda ko‘p miqdorda) va 207-moddaning 3-qismining «a» bandi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan ayblanuvchi sifatida jinoiy ishga jalb qilingan. U o‘shanda 250 mln so‘mdan ziyod mablag‘larni o‘zlashtirganlikda ayblangandi.

Saida Mirziyoyeva Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan jazo chorasini o‘zgartirishni so‘ragach, u uy qamog‘iga o‘tkazilgandi. O‘shanda xuddi shunday so‘rov Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ham bildirilgandi.

Sud jarayonida Guljahon Yo‘ldosheva sudda bergan ko‘rsatuvlari davomida dastlabki tergov organi tomonidan ayblov asossiz qo‘yilganini ta’kidlagandi. Qolaversa, Farrux Rustamovning o‘limiga aloqasi yo‘qligini, shifoxonadan olib ketilayotganida uyda, farzandi betobligi bois uning oldida bo‘lganini ma’lum qilgandi.

JIB Chirchiq shahar sudi 2021 yilning 5 aprelida Guljahon Yo‘ldoshevani JKning 25,167-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan reabilitatsiya qilib, 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi «a», «b», «v», «g» bandlari, 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 3-qismi «a» bandi va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topgandi.

Unga 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangandi. Guljahon Yo‘ldoshevaga sutkaning soat 22:00 dan 6:00 gacha bo‘lgan vaqtida yashash joyidan chiqishi cheklangandi.