Prezidentning 2022 yil 11 avgustdagi «Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish va aholi punktlarida tozalikni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorining 8-bandiga muvofiq, 2022−2023 yillarda ijtimoiy soha obyektlarini chiqindi konteynerlari bilan qo‘shimcha jihozlash bo‘yicha manzilli dastur tasdiqlandi, deya xabar bermoqda Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Bunda chiqindi konteynerlari bilan jihozlash mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari hamda Xalq ta’limi vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekistonga chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish uchun ikkita kredit ajratishini ma’lum qilingandi. Moliyaviy paket Xorazm viloyatida zarur infratuzilmani modernizatsiya qilish uchun 50 mln dollar va Qoraqalpog‘istonda shu kabi maqsadlar uchun 70 mln dollarlik kreditdan iborat.