O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 sentabr kuni mamlakatdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Amerika Qo‘shma Shtatlari favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyumni qabul qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Prezident Deniyel Rozenblyumning O‘zbekiston-AQSh strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishdagi hissasini qayd etdi, deya ta’kidlandi xabarda.

«Keyingi yillarda konstruktiv siyosiy muloqot yo‘lga qo‘yildi. Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlik kengayib bormoqda. O‘zaro savdo hajmi oshmoqda, AQShning yetakchi kompaniyalari ishtirokida qator investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida ikki tomonlama dasturlar joriy etilmoqda», — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston prezidentining joriy yil avgust oyida qabul qilingan farmoniga muvofiq amerikalik diplomat mamlakatning yuksak davlat mukofoti — «Do‘stlik» ordeniga sazovor bo‘ldi.

AQSh elchisi uning faoliyatiga berilgan yuqori baho uchun samimiy minnatdorlik bildirib, bundan buyon ham mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning mustahkamlanishini faol qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyida Deniyel Rozenblyum «Gazeta.uz»ga intervyu bergan edi. Unda Amerika tashqi siyosatining O‘zbekistondagi ustuvor yo‘nalishlari, islohotlarning yutuq va kamchiliklari, so‘z erkinligi va mamlakat taraqqiyoti o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida so‘zlab berdi.

Avval xabar qilinganidek, Jonatan Henik AQShning O‘zbekistondagi yangi elchisi etib tasdiqlandi.