Oliy ta’lim vazirligi matbuot xizmati super-kontraktda o‘qish istagida bo‘lgan abituriyentlar uchun Davlat qabul komissiyasi qarori bilan belgilangan tartiblarni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, abituriyent o‘zi tanlagan birinchi yo‘nalishga kira olmagan, lekin 2, 3, 4 yoki 5 yo‘nalishlardan biriga o‘qishga kirgan bo‘lsa, o‘z xohishi bilan birinchi tanlagan yo‘nalishida super-kontraktda o‘qishiga ruxsat beriladi.

«Bu istisno 2, 3 yoki 4 yo‘nalishga taalluqli emas. Ya’ni beshinchi yo‘nalishga o‘qishga kirgan abituriyent ikkinchi yoki to‘rtinchi yo‘nalishni tanlab super-kontrakt qila olmaydi, faqat birinchi yo‘nalishga qilishi mumkin», — deyiladi vazirlik xabarida.

Shuningdek, tanlagan beshala yo‘nalishiga ham o‘qishga kira olmagan abituriyentlar istalgan beshta yo‘nalishdan birini tanlab, super-kontraktda o‘qishiga ruxsat beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 5 sentabrdan barcha bosqich talabalari kontrakt.edu.uz platformasidan foydalangan holda to‘lov-shartnomalarni onlayn yuklab olishlari mumkin bo‘lishi ma’lum qilingandi.