Joriy o‘quv yilida maktablarda o‘quv darsliklarining o‘rtacha ijara narxi ikki baravarga oshdi. XTV buni qog‘oz narxlari va transport xarajatlari oshgani bilan izohladi. Buning ortidan ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari ijarasi narxi qimmatlashgani va birinchi chorakdan keyingina yangi kitoblar chiqarilishidan shikoyat qila boshladi.

Jumladan, deputat Rasul Kusherbayevning fikricha, davlat umumiy o‘rta ta’lim davlat tomonidan kafolatlangani uchun maktab darsliklari ijarasi uchun to‘lovning mavjudligini Konstitutsiyaga zid. U xatto tushuntirish berishni so‘rab Konstitutsiyaviy sudga ham deputatlik so‘rovi yubordi.

Ushbu voqealardan so‘ng, Yangi o‘quv yilining birinchi kunidayoq prezident maktab darsliklarini bepul ijaraga berishni buyurdi. Buning uchun prezident Administratsiyasi rahbarining topshirig‘i bilan darsliklar sifatini tekshirish bo‘yicha ishchi guruhi tashkil etildi. Bundan tashqari, darsliklarni tayyorlash, nashr etish, tannarx va tarqatish tizimini tanqidiy ko‘rib chiqish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.

Mazkur voqealar ortidan «Gazeta.uz» muxbiri Mirolim Isajonov yaqin qo‘shni va uzoq hamkor davlatlarda maktab darsliklarini berish tartibi qandayligi bilan qiziqdi. Buning uchun u dunyoning turli nuqtalarida yashayotgan va farzandini o‘sha davlat maktabida o‘qitayotgan o‘zbekistonliklar bilan suhbatlashdi.

Eslatma: suhbatdoshlarning bildirgan fikrlari bo‘yicha tartib o‘sha davlatning boshqa hududida umuman aks ko‘rinishda bo‘lishi ehtimoldan holi emas.

Qirg‘iziston

O‘shlik jurnalist Shohrux Soipovning ta’kidlashicha, Qirg‘izistonda maktab darsliklari bo‘yicha deyarli muammo yo‘q. Bu masala oxirgi o‘n yilda hal etilgan.

«Davlat maktablarida ijara degan narsa yo‘q, darsliklar bepul beriladi. Ammo o‘quvchiga qaysidir darslik yetmay qolsa, ota-ona uni bozor yoki kitob do‘konlaridan o‘z mablag‘iga xarid qiladi. Sotuvdan istalgan darslikni albatta, topish mumkin», — dedi u.


Foto: Shohrux Soipov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, agar o‘quvchi maktab tomonidan berilgan kitobning biror joyini yirtib qo‘ysa, uni ta’mirlab qaytaradi. Yo‘qotilgan kitob o‘rniga esa xuddi ana shunday kitobni olib berishi shart.

«Darsliklar mazmuni, ya’ni ulardagi xatolar ijtimoiy tarmoqlarda ham, maktabdagi yig‘ilishlarda ham muhokama bo‘ladi. Ota-onalar bu bo‘yicha o‘z munosabatini bildiradi. Ta’lim vazirligi e’tiroz va fikrlarni eshitib, xatolarni to‘g‘rilashga harakat qiladi», — dedi jurnalist.

Shohrux Soipovning qayd etishicha, Qirg‘izistonda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bir mahal bepul ovqat beriladi. Ayrim hududlarda esa shirinlik va choy tortiq qilinadi.

Tojikiston

Tojikistonlik jurnalist Ozod Meliboyevning qayd etishicha, qo‘shni davlatda bog‘chalar, maktablar va oliy o‘quv yurtlari yagona vazirlikka qaraydi. Maktab o‘quvchilariga darsliklar Ma’orif vazirligi tomonidan yetkazib beriladi.


Foto: Ozod Meliboyev.

«Tojikistonda maktab darsliklari ijara asosida taqdim qilinadi. Masalan, vazirlikdan maktabga yuborilgan bitta kitob narxi 30 somoniy (o‘rtacha 3 dollar) bo‘lsa, o‘quvchi shu darslik narxini, ya’ni 30 somoniyni 34 foizini tӯlab, bir yil ishlatadi va yil yakunida maktabga topshiradi. Keyingi yili xuddi o‘sha kitobni olgan boshqa o‘quvchi 30 somoniyni 33 foizini to‘laydi va darslikdan bir yil foydalanadi. Uchinchi yili ham boshqa o‘quvchi 30 somoniyni 33 foizini to‘lab, yil oxirigacha ishlatadi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shu tariqa bitta darslikning ijara puli ota-onalardan uch yil ichida olinadi.

«Ushbu tartib salkam o‘n yildan beri bor. Ota-onalar darsliklarni kitob do‘konlaridan xarid qilishi ham mumkin, tanlov ularning o‘zida», — dedi jurnalist.

Uning aytishicha, o‘quvchi yil mobaynida biror kitob sifatiga jiddiy zarar yetkazsa yoki yo‘qotib qo‘ysa, o‘rniga xuddi ana shunday darslik topshiradi yo kitob tannarxini to‘laydi.

«Tojikistonda ta’lim tojik, rus, ӯzbek, ingliz, qirg‘iz, turkman tillarida olib boriladigan ӯrta umumta’lim maktablar mavjud. Rus tilidan dars beriladigan maktablarga ruscha kitoblar Rossiyadan olib kelinadi. Boshqa tillardagi darsliklar mamlakatning o‘zida ishlab chiqariladi. Lekin o‘zbek tilidagi darsliklar tanqisligi haligacha barham topmagan, yetishmovchiliklar kuzatiladi», — dedi Ozod Meliboyev.

Qozog‘iston

Qozog‘istonga oilasi bilan ko‘chib ketgan andijonlik Nodira Habibullayevaning aytishicha, ushbu qo‘shni mamlakatda ham darsliklar bepul beriladi.

«Qizim Olma-otadagi davlat maktablaridan birining o‘quvchisi. Darsliklar bepul tarqatiladi. Ammo yetmagan darsliklarni ota-onalar o‘z hisobidan sotib oladi. Kichik qizim xususiy maktabda o‘qiydi. Unga kitoblarni do‘konlardan xarid qildik. Bu yil narxlar biroz o‘sgan», — dedi u.


Foto: Nodira Habibullayeva

Uning ta’kidlashicha, Qozog‘istonda darsliklardagi murakkab mashqlar ko‘proq muhokamalarga sabab bo‘ladi. Ayrim fanlardagi mashqlarni yechishga ota-onalar ham qiynaladi. Shu bois ular farzandini o‘ylagan holda e’tiroz bildiradi.

Turkiya

Anqarada istiqomat qiluvchi Zamira Hamidovaning qayd etishicha, Turkiya maktablarida kitoblar bepul beriladi, to‘lov degan tartib yo‘q. Agar ota-onaning farzandi yirtib yoki yo‘qotib qo‘ygan darsliklar o‘rnini qoplashga imkoniyati yo‘q bo‘lsa, maktab ma’muriyati buni to‘g‘ri tushunadi va talab qilmaydi.


Foto: Zamira Hamidova.

«Bugungi kunda zamon o‘zgarib, rivojlanyapti. Shundan kelib chiqib, xususiy nashriyotlar tomonidan deyarli har yili qo‘shimcha darsliklar nashr etiladi. O‘qituvchilar ham bu jarayonni kuzatib boradi va ota-onalarga xarid qilish bo‘yicha tavsiya beradi. Ammo uni sotib olish majburiy emas, o‘quvchining yaqinlari oilaviy sharoitiga qarab ish tutadi», — dedi Zamira Hamidova.

Yaponiya

Yaponiyaning Fukuoka shahridagi bir qator maktablarda ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydigan Sohibjon Abdullayev kunchiqar mamlakatda maktab darsliklari uchun ijara to‘lovi yo‘qligini aytdi.

«Ammo har chorakda ma’lum miqdorda — 30−50 dollar atrofida ota-onalardan maktab darsliklari, o‘quv materiallari, daftarlar uchun pul olinadi. Bu summa bank orqali o‘tkaziladi yoki konvertda maktab hisobxonasiga topshiriladi. Ushbu jarayonga o‘qituvchilar aralashmaydi. Biroq darslik va boshqa puli to‘langan mahsulotlarning barchasi o‘quvchini o‘zida qoladi, maktabga qaytarilmaydi», — dedi Sohibjon Abdullayev.


Foto: Sohibjon Abdullayev.

Uning qayd etishicha, har yili yangi kitoblar nashr etilib, tarqatiladi. Ba’zi bir kitoblar bir necha yil davomida ishlatiladi. Masalan, tabiiy fanlarga oid darsliklar ketma-ket ikki yilga mo‘ljallangan bo‘ladi. O‘quvchi undan 5−6 sinflarda foydalanadi.

«Yaponiyada darsliklardagi xato va kamchiliklar deyarli muhokamalarga sabab bo‘lmaydi. Chunki bu davlatda darsliklar har uch yilda yangilanadi. Ammo darslikning tuzilishi o‘z holatida qoladi, faqat mazmun biroz o‘zgaradi, zamonga moslashtirilib, yangilanib boriladi», — dedi u.

Xitoy

Pekin shahrida yashovchi Dilfuza Tojimatovaning o‘g‘li davlat maktabida tahsil oladi. U ayni vaqtda 5-sinf o‘quvchisi hisoblanadi.

«Xitoy maktablarida o‘quv yili ikkita chorakdan iborat. O‘quvchilarga har ikki chorakda alohida-alohida darsliklar, mashq daftarlari beriladi. Hammasi davlat tomonidan bepul amalga oshiriladi, bunga ota-ona pul to‘lamaydi. Hatto bizning farzandimiz singari chet el fuqarosi bo‘lgan o‘quvchilarga ham darslik va kitoblar bepul taqdim etiladi. Yo‘qotib qo‘yilgan yoki zarar yetkazilgan kitoblar o‘rniga ota-ona tomonidan xuddi shunday kitob olib beriladi. Ularni onlayn do‘konlar orqali ham topish mumkin», — dedi u.


Foto: Dilfuza Tojimatova

Vatandoshning aytishicha, farzandi ma’lum vaqt xususiy maktabda o‘qigan. O‘sha paytda ular forma va oziq-ovqat uchun to‘lov qilgan xolos. Kitoblar uchun pul to‘lanmagan. O‘g‘li o‘qishini hozirgi maktabiga ko‘chirayotganida, xususiy maktab tomonidan berilgan kitoblarni o‘zlari bilan birga olib ketishgan. Darsliklarni qaytarishni maktab ma’muriyati talab ham, iltimos ham qilmagan.

«Shuni alohida aytishim kerakki, Xitoydagi davlat maktablarida darsliklar ijaraga berilmaydi, maktab tomonidan bepul ta’minlanadi va maktabga qaytarilmaydi. Kitoblar o‘quvchining shaxsiy mulki sifatida o‘zida qoladi. Mazkur tizim tufayli uyimizda kitoblar ko‘payib ketdi. O‘g‘lim 1−2 sinflarda foydalangan kitoblarini takror ishlatilmaganligi bois, qog‘ozni qayta ishlab chiqaruvchi joylarga topshirdik», — dedi Dilfuza Tojimatova.

AQSh

AQShning Nyu-Jersi shtatidagi Morristaun aholi punktida yashovchi Asomiddin Qutbidinovning aytishicha, Amerikadagi hukumat maktablarida kitobdan tashqari, yil davomida foydalanish uchun Apple yoki Windows dasturida ishlovchi kompyuter ham bepul taqdim etiladi.

«Lekin dars paytida kitoblardan kam foydalaniladi. Mashg‘ulotlar ko‘proq kompyuter orqali bajariladi. Kompyuterda turli o‘yinlar yo‘q, bu taqiqlab qo‘yiladi. Faqat darsliklarga oid dasturlar joylashtiriladi. O‘quvchi qurilmani buzib qo‘ysa, ota-ona jarima to‘laydi yoki ta’mirlatib beradi. Agar ota-ona maktab tomonidan berilgan kompyuterni bir yilga sug‘urta qilib qo‘ysa, buzilganida biroz yengillik bo‘ladi, sug‘urtani foydasi tegadi», — dedi u.

Ta’kidlanishicha, o‘quvchilarni maktab tomonidan yo‘lga qo‘yilgan avtobuslar darsga vaqtida olib borib keladi.

«Pandemiyadan keyin maktab ovqatlari bepul bo‘lib qoldi. Shunday bo‘lishiga qaramay, qizim va o‘g‘limning hisobiga pul o‘tkazib turaman. Maktab taomlaridan tashqari o‘zlari xohlagan narsalarni olishadi», — dedi Asomiddin Qutbidinov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ota-onalar portali orqali farzandlar qaysi fanlardan necha baho olgani, qaysi mashg‘ulotlarga qatnashmagani yoki qaysi o‘qituvchi dars o‘tayotganini, umuman, maktab hayoti bilan bog‘liq barcha jarayonlarni onlayn kuzatib borish mumkin.

Germaniya

Germaniyaning Oldenburg shahrida istiqomat qiluvchi Dilshod Rahmatning ma’lum qilishicha, ushbu davlat ta’lim tizimi hamma hududda turlicha bo‘lib, darsliklar narxi ham har xil belgilanadi.

«O‘zim yashaydigan Oldenburg shahri misolida aytadigan bo‘lsam, boshlang‘ich sinflarda kitoblarning barchasini ota-onaning o‘zi sotib oladi. Chunki kitoblar ichiga o‘quvchi tomonidan yoziladi, mashqlar bajariladi», — dedi vatandosh.


Foto: Dilshod Rahmat

Uning qayd etishicha, o‘quvchilar 5 sinfni turli darajadagi yuqori sinf maktablarida davom ettiradi.

«Qizim ixtisoslashtirilgan maktabga boradi. Uning ta’lim maskanida darsliklarni xarid qilish ham mumkin, ijaraga olsa ham bo‘ladi. Ammo ijaraga olish oila budjetiga arzon tushadi. Uch va undan ko‘p bolali oilalarga chegirma beriladi. Kam ta’minlangan yoki yolg‘iz boquvchisi bo‘lgan o‘quvchilarga to‘lov qilgan puli to‘liq qaytariladi», — dedi u.

Dilshod Rahmatning uch nafar farzandi borligi uchun u joriy o‘quv yilida 11 ta darslik uchun 65 yevro to‘lovni amalga oshirgan. Aslida esa ijara narxi 85 yevroni tashkil etadi. Ijara puli onlayn bank orqali maktab fondiga o‘tkaziladi.

«Bu yerda kitoblar yoki ijara narxlari muhokama qilinmaydi. Chunki o‘ziga to‘q oilalarga (aksariyat aholi) bu mablag‘ muhokama uchun mavzu bo‘la olmaydi. Asosan, kitob mazmun-mohiyati va o‘qitish jarayonlari tarmoqlardagi guruhlarda muhokama bo‘ladi», — dedi Dilshod Rahmat.

Angliya

Londonda istiqomat qilayotgan Nilufar Ismoilovaning aytishicha, Angliyada o‘quvchi 6 sinfgacha boshlang‘ich maktabda o‘qiydi va ularga hamma fandan bir o‘qituvchi dars o‘tadi. Yuqori maktabda esa o‘quvchilar xuddi oliy o‘quv yurtlari singari kuchaytirilgan ta’lim tizimda tahsil oladi. Ya’ni kafedrama-kafedra yurib, mashg‘ulotlarda qatnashadi, darslar turli xonalarda bo‘lib o‘tadi.


Foto: Nilufar Ismoilova

«Ikki nafar farzandning onasiman. Ular davlat maktablarida o‘qiydi. Darsliklar va daftarlar bepul tarqatiladi. Kitoblar har kuni maktabning o‘zida qoladi, o‘quvchi uyiga olib ketmaydi. Angliyada maktab darsliklari judayam serob, o‘quvchilar asraydi, yirtib tashlamaydi. Umuman, bu mamlakatda odamlar davlat mulkiga hurmat bilan qaraydi, qadrlaydi», — dedi Nilufar Ismoilova.

Uning qo‘shimcha qilishicha, o‘quv yili yoki har chorak boshida davlat maktablari tomonidan ota-onalar uchun darsliklar bo‘yicha bepul o‘quv mashg‘ulotlar tashkil etiladi. Xohlovchilar borib, qatnashishi mumkin. Bu o‘quv dasturlar orqali ota-onalar o‘z bilimini boyitadi, farzandi bilan birga uy vazifalarini tayyorlashda qiynalmaydi.

Finlyandiya

Finlyandiyada yashovchi Akmaljon Nabiyevning ta’kidlashicha, bu davlatda o‘quv yili boshida o‘quvchi maktabga faqat bo‘sh sumka bilan boradi.

«Kitoblar va o‘quv qurollaridan tashqari, zamonaviy gadjetlar ham bepul beriladi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga planshet, yuqori sinfdagilarga esa noutbuk taqdim qilinadi. Ularni o‘quv yili oxirida maktab qaytarib oladi va o‘qish boshlansa, yana o‘shani beradi. Ya’ni, o‘quvchi bitta gadjetni ikki yil ishlatadi», — dedi u.


Foto: Akmaljon Nabiyev

Uning so‘zlariga ko‘ra, Finlyandiyada maktab tomonidan berilgan kitoblar esdalik sifatida o‘quvchining o‘zida qoladi. «O‘g‘lim necha yil maktabda o‘qigan bo‘lsa, barcha darsliklari uyimizda haligacha saqlanadi», — dedi Akmaljon Nabiyev.

«Bu mamlakatda har bir maktabning onlayn dasturi bo‘ladi. Ota-onalar o‘sha dasturga qo‘shib qo‘yiladi va farzandining o‘qishi bilan bog‘liq barcha holatlardan internet orqali xabardor bo‘lib boraveradi. O‘qituvchi sizga qo‘ng‘iroq qilib, qiz yoki o‘g‘lingizning o‘qishidan shikoyat qilib yurmaydi. Pedagoglar farzandingiz maktabga kech qolib borgani, qaysi fanlarni o‘zlashtirishga qiynalayotgani va boshqa masalalarni platformaga yozib qo‘yadi», — dedi vatandosh.

Akmaljon Nabiyevning qayd etishicha, Finlyandiyada O‘zbekistondagidek sinfdagi barcha o‘quvchilarning ota-onalar uchun ommaviy majlis o‘tkazilmaydi. Har bir bolaning ota-onasi bilan alohida majlis bo‘ladi.

«Bunday majlis yil davomida ikki marta tashkil etiladi. Unda o‘quvchi, ota-onasi, maktab direktori, sinf rahbari va besh, olti nafar fan o‘qituvchilari ishtirok etadi. Bu do‘stona uchrashuvda ikki tomon farzandning o‘qishi bilan bog‘liq barcha e’tiroz va masalalar haqida suhbatlashadi. Shuningdek, har bir o‘quvchini sinfxonada ham shaxsiy shkafi bo‘ladi. Plansheti va ortiqcha kitoblari o‘sha yerda turadi. Uyda o‘qishi kerak bo‘lgan kitoblarini o‘zi bilan birga olib keladi xolos. O‘quvchilarga har kuni ikki mahal bepul ovqat ham beriladi», — dedi u.