Maktab darsliklaridagi xatolar ta’lim sifatining aks-sadosi. Bu haqda xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxodjayev 6 sentabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Jurnalistlardan biri vazir mutasaddilaridan «10-sinf biologiya, 7-sinf o‘zbek tili, 2-sinf o‘zbek tili darsliklarida juda ko‘p imloviy, grammatik xatolar borligi, hattoki o‘zbek tilida yozilgan 10-sinf biologiya darsligida rus tilidagi jumlalar, atamalar tarjima qilinmagani, kitoblar o‘quvchiga yetib borguncha tekshiruvlardan o‘tishi yoki yo‘qligi» haqida so‘radi.

«Siz aytgan misollar bugun OAV, ijtimoiy tarmoq vositalarida tarqalgan misollardir. Shu yerning o‘zida ayrim jihatlarda ularning noto‘g‘ri ekanligiga ham e’tiboringizni qaratmoqchi edim. Misol uchun, siz aytgan 10-sinf biologiya darsligining real kitobini qarasangiz, u yerda bunday narsaning o‘zi yo‘q. Men sizga muqovasi qanaqa bo‘lishini ko‘rsatishim ham mumkin. Yoki siz aytgan 2-sinf darsligining yarmi ruscha, yarmi o‘zbekcha emas, birinchi beti chop etilish tili uchun moslashtirish bet. Tojik tilidagi maktablarda kitob o‘zbek tili bo‘lgani uchun muqovasi tojik tilida ketgan», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, albatta, maktab darsliklarida xato bugun paydo bo‘lmagan.

«Xato 10 yil oldingi, 5 yil oldingi kitobni ko‘tarsangiz ham bor. U kitoblar ham, bu kitoblar ham ekspertizadan o‘tgan. Afsuski, bu ham ta’lim sifatining qandaydir aks-sadosi desak ham bo‘ladi. Buni ham ekspertlar ko‘radi, albatta. Darslikni tasdiqlaydigan kengash bor, bitta yoki ikkita odam uni o‘tqazib, qo‘l qo‘ymaydi. Yozgan jamoadan tashqari uni ko‘radigan eskpert kengashi bor. Ularning barchasi qo‘l qo‘yadi», dedi Usmon Sharifxodjayev.

Vazirning birinchi o‘rinbosari agar kitoblarda qandaydir xatolar o‘tgan bo‘lsa, bunga mas’ul bo‘lgan shaxslarga nisbatan choralar ko‘rilishini aytib o‘tdi.

«Lekin qandaydir bir xato bor yoki yo‘qligini, avval qog‘ozli kitobni qo‘lga olib ko‘rishimiz kerak. Chunki informatsion davrda har xil jarayonlar bo‘lishi mumkin. Aynan, siz aytgan 10-sinf biologiyasidagi xatolik real kitobda unday emas. Bu 2−3 oy oldin yaratilgan dastlabki fayl bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Lekin yakuniy faylda u rasmlar ham, matnlar ham yo‘q», — deya ishontirdi XTV vakili.