Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning янvaрь-iyun oylarida Rossiyani qariyb 420 ming kishi tark etgan. Bu 2021 yilning shu davriga nisbatan 2,07 baravar ko‘p. Bu haqda davlat statistika federal xizmati hisobotiga tayanib Spot xabar bermoqda.

Taqqoslash uchun, yilning birinchi yarmida Rossiyaga 322 348 kishi kelgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan atigi 1,76 foizga ko‘p. 2021-yili migratsiya saldosi musbat ko‘rsatkichli bo‘lgan bo‘lsa, shu yilda u manfiy statistika qayd etgan.

Boshqacha aytganda, aholining Rossiyadan chiqib ketishi ortgani kuzatilmoqda. Migratsiya tufayli doimiy aholi soni olti oy ichida 96 737 kishiga kamaygan (o‘tgan yilning shu davrida 114 215 kishiga oshgan edi).

Harbiy harakatlarga qaramay, eng katta oqim Ukrainaga to‘g‘ri keldi. Olti oy davomida u yerga qariyb 80 ming kishi ketgan, 57,9 ming kishi esa kelgan.

Ikkinchi o‘rinni Armaniston egalladi. U yerga 49 ming kishi ko‘chib borgan. Uchinchi o‘rinda Qirg‘iziston, bu mamlakatga 43,6 ming kishi ketgan.

Olti oyda Rossiyadan O‘zbekistonga 38 618 kishi kelgan, 24 999 kishi esa qarama-qarshi yo‘nalishda chiqib ketgan (bu ko‘rsatgich 2021 yilda mos ravishda 19 111 va 25 804 bo‘lgan). Bu 2021 yilning shu davriga nisbatan 2,07 baravar ko‘p.

Rossiyaga Tojikistondan olti oy ichida 82,6 ming kishi kelgan. Tojikistonga ketishlar sonining ko‘pligiga (58,4 ming) qaramasdan, tog‘li respublika Rossiyada musbat saldo qayd etgan yagona davlatga aylandi.

MDHdan tashqari odamlar Rossiyadan Xitoy, Vetnam, Hindiston, Gruziya, Turkiya va Germaniyaga yo‘l olgan.

Ma’lumot uchun, aprel oyida yil boshidan buyon Rossiyadan O‘zbekistonga 133 ming nafar mehnat muhojiri qaytgani ma’lum qilingandi. O‘shanda Rossiyada ish haqini vaqtida ololmayotgan o‘zbekistonliklar soni keskin ortgani aytilgan.