Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov bilan bog‘liq yana bir audioyozuv tarqaldi. Unda ham avvalgi audioda bo‘lgani kabi kurakda turmaydigan so‘zlar eshitilgan.

Viloyat hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, To‘ra Bobolov hamda Qiziriq tumanining sobiq hokimi Ilhom Yusupov, tumandagi klaster vakilining suhbati 2022 yilning 17 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan. Audio esa suhbatdan kesib olinib, boshqa ovozlar qo‘shilgan holda montaj qilingan.

«Ilgari Qiziriq tumani sendan ko‘ra yuz karra yaxshi edi. To‘rtta traktoringni k*****ga tiqib qo‘y, og‘ayni. Sen Rossiyada ishlayotganing yo‘q, bu Surxondaryo. Bu Buxoro, Samarqand, Andijon yoki Farg‘ona ham emas. Ko‘p g‘o‘ddayma, haromi ishlarni qilyapsan. Ch***b qo‘yyapsan, qo‘pol qilib aytganda. Bilib qo‘y, xafa bo‘lib o‘tirma, oyog‘im yetadi, pachag‘ingni chiqarib tashlayman», — dedi u.

Shundan so‘ng, mutasaddilar klasterning hududdagi samaradorligi, dehqonchilik ishlari uchun texnika yetishmasligi va boshqalarni muhokama qilishgan.

Yozuvning 2:07—2:10 vaqt oralig‘ida kurakda turmaydigan so‘zlar eshitilgan, lekin ovozning ohangi va balandligi keskin o‘zgarib turgan. Hokimlik bu iboralar viloyat hokimiga tegishli emasligini, guvohlar buni tasdiqlashi mumkinligini ta’kidladi.

Hokimlikning izoh berishicha, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 30 avgustdagi «Surxondaryo viloyatida zamonaviy agrosanoat klasterlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi yuzasidan Qiziriq tumanida xorijiy investitsiyalar ishtirokida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil qilingan paxta- to‘qimachilik klasteri o‘z majburiyatlarini bajarmay belgilangan loyihalarni amalga oshirmasdan kelgan.

Xususan, tumanda 2020 yilda 10,5 ming nafar fuqaro qishloq xo‘jaligi sohasida band bo‘lgan bo‘lsa, muhokama qilingan vaqtda (2021 yil yakuni bo‘yicha) 4 ming nafar fuqaro mazkur sohaga qamrab olinib, ularning 6,5 ming nafari ishsiz qoldirilgan. Buning oqibatida tumanda xorijiy davlatlarga ish izlab ketganlar soni oshgan.

Shuningdek, klaster tomonidan 2022 yil bahorgi dala ishlarida qatnashishi belgilangan 262 ta chopiq traktori va kultivatorlar hamda 102 ta chigit ekish seyalkalarini ta’mirlash ishlari amalga oshirilmay, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.

«Viloyat hokimi yuqoridagi holatlarni tahlil qilish jarayonida asabiy holatda qo‘pol so‘zlar ham ishlatib yuborgan (audioyozuvning 2:07-daqiqasidan 2:10 daqiqasigacha bo‘lgan holat bundan mustasno). Ushbu muhokamalardan so‘ng ko‘tarilgan muammoli masalalar bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilangan», — deyiladi xabarda.

Hokimlik hudud rivoji uchun jon kuydirayotgan viloyat hokimining ovozini yozib olib, montaj qilib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish orqali uni yomonotliq qilishdan, rahbariyat ko‘ziga yomon ko‘rsatishga urinishdan kimlardir manfaatdor bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.

«Tasavvur qilaylik, bir oila boshlig‘i farzandini oila uchun biron muhim ishning uddasidan chiqolmay uni orqaga tortgani uchun jahl ustida koyidi. Xuddi shunday, besh yoki o‘n emas, qariyb uch million kishining manfaatini ta’minlashga mas’ul rahbar ham vaqtida amalga oshirilmagan ish uchun jiddiy toliqqani sabab beixtiyor mas’ullarga qattiq gapirib yuborgan bo‘lishi mumkin. Bu so‘zlarni montaj qilib, tarmoqda tarqatish bilan shug‘ullanish orqali rahbarning ishchanlik qobiliyatiga ta’sir etmoqchi bo‘layotganlar o‘zlarini bugungi islohotlarga xayrixoh shaxs, deya atashga haqli emaslar, bizningcha», — deyiladi hokimlik bayonotida.

Bundan tashqari, hokimlik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga montaj qilingani aniq sezilib qolgan bu audioyozuvni tarqatgan kimsalar harakatida g‘arazli niyatlar borligini ma’lum qilib, bundan to‘g‘ri xulosa chiqarishlarini, chalg‘imasliklarini so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq tarmoqlarda To‘ra Bobolov Angor tuman prokurorini haqorat qilgani aks etgan audio tarqalgandi. Unda hokim prokurorga vazifalarini bajarmagani, qolaversa, tashkilotlarga nisbatan jinoyat ishi ochgani uchun tanbeh bergan. Holat yuzasidan viloyat hokimligi va Bosh prokuratura munosabat bildirgandi.