PMTI ekspertlari oxirgi besh yilda asosiy iste’mol tovarlari narxining o‘zgarishini aholi farovonligiga qanday ta’sir ko‘rsatishini tahlil qildi.

Asosiy iste’mol tovarlari narxi o‘sish dinamikasi va respublika darajasidagi o‘rtacha ish haqi o‘zgarish dinamikasining solishtirma tahlili natijalariga ko‘ra, aholining asosiy qismi uchun benzin, propan, go‘sht narxi oshgani sezilgan bo‘lishi mumkin, chunki aholi daromadlari dinamikasi bu tovar turlariga qaraganda sekinroq o‘sgan.

Boshqa tomondan esa, elektr energiyasi, gaz, paxta yog‘i, 1-nav bug‘doy uni, havo transporti va temiryo‘l transporti, oliy ta’lim shartnoma puli, maktabgacha ta’lim muassasalari to‘lov narxlari stabilligining saqlanganligi aholi xarid qobiliyatiga ijobiy ta’sir qilgan. Chunki bu tovar va xizmat turlari narxi daromadlarga nisbatan ancha sekin o‘sgan.

Bundan tashqari, energiya, transport va kommunikatsiya xizmatlari narxlari davlat tomonidan tartibga solinadi, pandemiya davrida va undan keyin, jumladan, ma’lum tartibga solinadigan tovar va xizmatlar narxlari o‘zgarmasligini ta’minlash orqali ham davlat aholini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Xulosa qilib aytganda, o‘rtacha ish haqi o‘sish dinamikasining ko‘p tovar va xizmatlar narxidan tezroq o‘sishi aholi farovonlik darajasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Shu bilan birga, benzin va propan narxlarining oshishi ish haqiga nisbatan tezroq o‘sgani avtomobil egalari farovonligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.


Davlat statistika qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 1 sentabr holatiga ko‘ra, yil boshidan buyon inflyatsiya darajasi 6,98 foizni tashkil etgan. Markaziy bank 2022 yilda inflyatsiya 12 foizdan biroz yuqori bo‘lishini kutmoqda.