2022 yilning olti oyi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston davlat budjeti taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3,7% yoki 14,4 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu haqda moliya vaziri Timur Ishmetov Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining birinchi yarim yillikdagi ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti vaqtida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, taqchillik davlat g‘aznachilik obligatsiyalarini ichki bozorga joylashtirish, xalqaro moliya tashkilotlarining imtiyozli kreditlari hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining yil boshidagi qoldiq mablag‘lari hisobidan qoplandi.

Birinchi yarim yillikda yalpi ichki mahsuloti 394 trillion so‘mni tashkil etib, 2021 yilning shu davriga nisbatan 5,4 foizga o‘sdi. Yalpi ichki mahsulotning 19,6 foizi qishloq xo‘jaligi, 38,7 foizi xizmatlar, 26,7 foizi sanoat, 6,6 foizi qurilish sohasiga to‘g‘ri keladi.

Sanoat tarmoqlari ichida eng katta o‘sish xizmat ko‘rsatish sohasida (7,3 foiz), qurilish sohasida 6,2 foiz, sanoatda 5,1 foizga o‘sdi. Eng past o‘sish qishloq xo‘jaligida qayd etildi — 2,7%.

Tashqi savdo aylanmasi 32,4 foizga o‘sib, qariyb 25 milliard dollarni tashkil etdi. Eksport hajmi 40 foizga oshib, 10 milliard dollarga yetdi, bu so‘nggi to‘rt yildagi eng yaxshi olti oylik ko‘rsatkich bo‘ldi, dedi moliya vaziri.

Import hajmi 27 foizga oshib, qariyb 15 milliard dollarni tashkil etdi.

Davlat budjetining daromadlari 92,6 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 17,8 trillion so‘m yoki 23,7 foizga ko‘pdir. Bu yalpi ichki mahsulotning 24,5 foizini tashkil etadi. Davlat budjeti xarajatlari 103 trillion so‘mdan oshdi (yalpi ichki mahsulotga nisbatan 26,4 foizni tashkil etdi).

Eslatib o‘tamiz, iyul oyida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov parlamentga budjet taqchilligi limitini 3 foizdan 4 foizga oshirishni so‘rash rejalashtirilayotganini ta’kidlagan edi.

Moliya vaziri Timur Ishmetov noyabr oyida 2022 yildan boshlab barcha vazirliklar uchun davlat budjeti mablag‘larini sarflash bo‘yicha asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlarni belgilash rejalashtirilganini aytgandi. Unga ko‘ra, qat’iy topshiriqlar asosida budjet taqchilligini 3 foizga kamaytirish va «budjet xarajatlarini qattiq nazorat qilish» rejalashtirilgan.

O‘tgan yilning sentabr oyida moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov 2020 yildagi inqiroz tufayli davlat budjeti xarajatlari keskin oshganidan so‘ng, endilikda bu ko‘rsatkichni pandemiyadan oldingi darajaga — YAIMning 27 foizigacha kamaytirish rejalashtirilayotgani haqida ma’lum qilgandi. Bundan tashqari, hukumat yaqin yillarda davlat qarzi darajasini 50 foiz, budjet taqchilligini esa 2 foiz doirasida ushlab turishni rejalashtirmoqda, degandi Haydarov.