Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 851 mln 458 ming so‘m mablag‘ xayriya sifatida sarflangan. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda «Vaqf» xayriya jamoat fondi axborot xizmati rahbari Saidabror Umarov ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan «Vaqf suvlari» loyihasi joriy etilgan. O‘tgan davr mobaynida homiylar bilan hamkorlikda mamlakatning turli hududlaridagi, olis qishloq va ovullarida toza ichimlik suviga muhtoj bo‘lgan aholi uchun artezian quduqlari qazib chiqarish hamda minorali suv inshootlari barpo etish ishlarini amalga oshirib kelmoqda.

Jumladan:

  • 2019-yilda Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumanidagi «Bog‘i Obod», «Sebzor» va «Ehtirom» mahallalarida istiqomat qilayotgan 8 ming nafarga yaqin aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida bir kilometr masofadan ichimlik suvi tarmog‘i tortib kelinib, aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan;

  • Samarqand viloyati Nurobod tumani «Oqsoy» mahalla fuqarolar yig‘ini hududiga ham aholi uchun xayriya sifatida 2 km masofadan toza ichimlik suvi keltirilgan.

2020−2021 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining 10 ta tumanidagi ichimlik suvi tanqis bo‘lgan qishloq va ovullarda jami 100 ta, 2021−2022 yillarda esa Farg‘ona viloyatida 1 ta va Qashqadaryo viloyatining Koson, Qamashi va G‘uzor tumanlarida 5 ta artezian quduqlari va minorali suv inshootlari bunyod etilib mahalliy aholi uchun xayriya sifatida taqdim etilgan.

Ushbu xayriya ishlari uchun fond mablag‘laridan 566 mln 458 ming so‘m, homiylar hisobidan esa 285 mln so‘m, jami 851 mln 458 ming so‘m mablag‘ sarflangan.

«Ayni damda „Vaqf suvlari“ loyihasi doirasida homiylar bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘istonning chekka ovullari hamda Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi suv tanqis bo‘lgan hududlarida toza ichimlik suvi artezian quduqlarini qidirish va qazish ishlari davom etmoqda», — deydi Saidabror Umarov.