Toshkentda 5 yildan buyon rekonstruksiya qilinayotgan O‘zbekiston Milliy bog‘i vanihoyat ochildi. 27 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev bog‘ga tashrif buyurib, uni Toshkent ramzlaridan biri deb atadi va «qadriyatlarni e’zozlash va xotira ham kerak»ligini ta’kidladi.

U 1932 yilda hashar yo‘li bilan qurilgan, ko‘p yillar aholining eng sevimli maskani bo‘lgan, deya eslatdi prezident matbuot xizmati.

«O‘zbekiston 24» videosidan lavha.

«Prezidentimiz bu bog‘ning tarixiy qiyofasini saqlab qolish, bu yerda milliy an’analarimizga xos muhit yaratish zarurligini ta’kidlagan edi. Shu asosida 14 gektardan ziyod hududda katta ishlar bajarildi. Ma’muriy bino, restoranlar qurilib, ko‘priklar va yo‘laklar yangilandi. Jami maydoni 40 ming kvadrat metr bo‘lgan ko‘l tiklandi», — deyiladi davlat rahbari matbuot xizmati xabarida.

«Gazeta.uz» ochilish muddati qayta va qayta keyinga surilgan Milliy bog‘ foydalanishga topshirilishini davlat OAVlari qanday yoritganiga e’tibor qaratdi.


«O‘zbekiston 24» videosidan lavha.

«O‘zbekiston 24» telekanali, «Axborot 24» dasturi

27 avgust kuni efirga uzatilgan «Axborot 24» dasturidagi Milliy bog‘ haqidagi lavhaning kirish qismida aytilishicha, «Milliy bog‘ va uning yuragidagi ko‘l — Toshkentning tashrif qog‘oziga aylangan». Muxbirning fikricha, bog‘ zamonaviy, yuqori texnologiyali madaniy hordiq chiqarish maskani hisoblanadi.

Prezident bog‘ hududida nuroniy va faollar bilan suhbatlashar ekan, bu bog‘ tarixiy joy ekanligini qayd etgan. «Bu bog‘ anchagina esdan chiqib qolgan edi. O‘zim bu yerga kelib, buni albatta tiklab, o‘zimizga yarasha marosimlarni o‘tkazib, mushoiralarni o‘tkazib, tirik tarixni hozirgi tarixga hamohang qilishimiz kerak», — deya prezident so‘zlarini keltirmoqda kanal.

«O‘zbekiston 24» videosidan lavha.

«O‘zbekiston 24» telekanaliga intervyu bergan turkiyalik investor Xakan Bezjelio‘g‘luning aytishicha, «prezidentning taklifi bilan 90 yil avval bu yerda tashkil etilgan Milliy bog‘ni barpo etishgan».

«Loyihaning o‘zbekistonlik mahoratli arxitektorlar, usta-me’morlar va bog‘ning tarixini yaxshi bilgan tarixchilarning tavsiyalari, maslahatlari asosida birgalikda barpo etdik. Tez orada bu so‘lim maskan bilan bog‘liq go‘zal bolalik xotiralariga ega insonlar yana o‘sha zavqni, shukuhni his etishlari mumkin bo‘ladi. O‘ylaymanki, bog‘ ochilganida ularning ko‘zlarida o‘sha quvonchni ko‘ramiz», — deya qo‘shimcha qildi u.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Xurshid Do‘stmuhammadning so‘zlariga ko‘ra, Milliy bog‘ — Toshkentga kelgan mehmonlarning eng sevgan joyiga aylanadi.

«O‘zbekiston 24» videosidan lavha.

«Toshkentda yana bir bahavo joy. Yozuvchilar xiyobonini qarang, buyog‘i Oliy Majlis va Milliy bog‘. Hammasi bir garmoniya bo‘lgan, uyg‘unlik, mutanosiblik bor», — deya qo‘shimcha qildi yozuvchi.

«Olimlar» mahallasi yoshlar yetakchisi Islom Umrzoqovning aytishicha, «bog‘da ma’naviyat, madaniyat — hammasi mujassam».

«O‘zbekiston 24» videosidan lavha.

«Prezidentimiz bizga mana shu maskanni mustaqilligimizning 31 yilligi munosabati bilan sovg‘a sifatida berdilar, deb qabul qildim men. Sababi, Adiblar xiyoboni bor yonginamizda, mana bu yerda Milliy bog‘. Bu bayramga haqiqiy sovg‘a bo‘ldi. Ana endi men ham „Yosh maqomchilar ansamblini“ tashkil qilgan yoshlar yetakchisi sifatida reja qilib turibmanki, shu joylarda konsert dasturi qilsammikin… Bu ham mahalladagi yoshlarga ichki turizm bo‘ladi, ham bu targ‘ibot-tashviqot ishlari. Havosi ham o‘zgachadek tuyulyapti, to‘g‘risini aytsam», — dedi u.

O‘zbekiston milliy axborot agentligi

O‘zAning 28 avgust kuni e’lon qilgan «O‘zida tarix va bugunni mujassam etgan O‘zbekiston Milliy bog‘i mehmonlarni chorlamoqda» nomli maqolasida bir kun avvalgi tadbirda ishtirok etgan insonlardan intervyular taqdim etilgan. Xususan, O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirovaning aytishicha, «daraxtlar kesilishiga yo‘l qo‘yilmagan, ularni saqlab qolish choralari ko‘rilgan».

«Shaharga suv, sersoya daraxtlar juda kerak. To‘g‘risi, ba’zilarda bog‘ hududidagi daraxtlar, ko‘llar nima bo‘ldi degan xavotirli savol ham yo‘q emasdi. Mana bugun hammasi oldingidan ham go‘zal bo‘lib qaytganiga guvoh bo‘lib turibmiz», — deya aktrisaning so‘zlarini keltirmoqda O‘zA. Qayd etish joiz, 29 avgust kuni Davlat ekologiya qo‘mitasi daraxtlarga shikast yetkazilganini tasdiqladi.

Yangihayot tumanidagi «Iqbol» mahallasi yoshlar yetakchisi Go‘zal Rahmonqulovaning ta’kidlashicha, mahalladagi «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasida olib borilayotgan tayyorgarlikni shu yerda o‘tkazishni ko‘zlayapti. «Chunki bu yerda — keng, salqin joyda, suv bo‘yida shaxmat, shashka, stol tennisi musobaqalarini o‘tkazish uchun barcha sharoit bor. Bu ham olimpiadaga tayyorgarlik, ham madaniy hordiq bo‘ladi», — dedi u.

Chilonzor tumanidagi «Ko‘rkam» mahallasi raisi Zulfiya Toshmatova esa bog‘ O‘zbekiston xalqiga mustaqillikning 31 yilligi munosabati bilan sovg‘a bo‘lganini aytgan.

«Xalq so‘zi» gazetasi

«Xalq so‘zi» gazetasidan lavha.

«Xalq so‘zi» gazetaning 28 avgust kungi sonining dastlabki qismida bir kun avvalgi tadbirlardan O‘zA muxbirlari tomonidan tayyorlangan material — «Ulug‘ ayyom shukuhiga mos bunyodkorlik» sarlavhasi ostida e’lon qilingan.

O‘zAning o‘zida esa aynan mazkur material 27 avgust kuni kechqurun «Zamonaviy markaz, Milliy bog‘ning yangi qiyofasi va texnologik parkdagi osmono‘par binolar» sarlavhasi ostida e’lon qilingan. Materialda faqat prezident matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar aks etgan.

«Yangi O‘zbekiston» gazetasi

Ushbu gazetaning ham dastlabki qismida «Xalq so‘zi»dagiga o‘xshash holat. Sarlavha esa shunday: «Raqamlashtirishning «yuragi» bo‘lgan yagona markaz, tarix va bugun uyg‘unlashgan Milliy bog‘, osmono‘par IT-park».

«Yangi O‘zbekiston» gazetasidan lavha.

Yana bir farqli tomoni «Yangi O‘zbekiston»da Milliy bog‘ haqida gazeta muxbiri tomonidan yozilgan kattagina maqola chiqqan. «Bu bog‘ni xalqimiz yaxshi biladi yoxud raqobatda «yuzi yorug‘» maskan» sarlavhali maqolada davlat rahbarining bog‘ga tashrifi haqida so‘z borgan.

«Yangi O‘zbekiston» gazetasidan lavha.

Maqolada, shuningdek, bog‘ga oid faktlar haqida so‘z borar ekan, jumladan, shunday deyiladi: «Bular aytishga oson gaplar. Mushohada qilsak va bajarilgan ishlar ko‘lami, muddati, unga xalqimiz ko‘z tikib turgan manzil ekanini hisobga olsak, hududda amalga oshirilgan ishlarni boshqalar o‘n yillarda ham eplashi dargumon edi, deb baralla ayta olamiz».

«Avval ham shunaqa edi-ku», degan gapga gazeta katta harflar bilan YO‘Q, deya javob bergan.

«Kimdir aytishi mumkin, avval ham shunday edi-ku, deb. YO‘Q! Avvalgi bog‘ bilan bugungisini taqqoslab bo‘lmaydi. To‘g‘ri, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, XX asrning 80-yillarida „bu bog‘ Toshkentning eng mashhur joyi bo‘lgan, o‘ziga xos ramzlaridan biriga aylangan“…edi. Faqat toifalangan ham edi-da. Nomi esa „Komsomol ko‘li“, ya’ni yoshlar unga egalik qilardi», — deb yozadi maqola muallifi.

Eslatib o‘tamiz, besh yil oldin, 2017 yil sentabr oyida Milliy bog‘, ko‘l va Bolalar temir yo‘li hukumat qarori bilan rekonstruksiya qilish uchun yopilgan edi. Keyinroq uning o‘rnida delfinariy, Amerika arg‘imchog‘i, syorfing uchun joy va savdo-ko‘ngilochar markaziga ega «yuqori texnologiyalar parki» paydo bo‘lishi xabar qilindi. 2020 yil yanvarida prezident rekonstruksiya ishlarining borishi bilan tanishgandi.

2021 yilning iyunida, bog‘ning ilgari darvoza bo‘lgan qismida do‘konlardan iborat Magic City ko‘ngilochar bog‘i tashkil etildi. Eski ko‘lning bir qismidan esa favvora joy oldi. Dunyoning mashhur poytaxtlari xiyobonlariga taqlid qiluvchi ko‘chalar turli xil do‘konlar, musiqiy favvora, Bavariyaning Noyshvanshtayn qal’asi nusxasi, 650 o‘rinli Rim Kolizeyi ko‘rinishidagi amfiteatr, shuningdek, kinoteatr va bolalar ko‘ngilochar markazi qurildi. Biroz vaqt o‘tgach, akvarium ham ishga tushirildi. Park Discover Invest kompaniyasi tomonidan qurilgan.