Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi 1-sonli maktabda o‘qituvchilar darsliklarni o‘quvchi va ularning ota-onalariga ikkinchi qavatdan uloqtirib tarqatgani aks etgan video tarqaldi. Dastlab Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati holatni o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh tuzilib, o‘rganish ishlari boshlanganini ma’lum qildi.

Nurobod tumani hokimligi xabar berishicha, o‘rganishlar davomida tumandagi 1-son umumiy o‘rta ta’lim maktabining 4 sinf o‘quvchilariga sinf rahbari Shohida G‘afforova sinf o‘quvchilariga maktab darsliklari va mashq daftarlarini qo‘pol tarzda, o‘qituvchi etikasi va odob-axloq qoidalariga zid ravishda, sinfdan tashqari holatda tarqatganligi ma’lum bo‘ldi.

«O‘qituvchiga xos bo‘lmagan xislatda xatti-harakat qilganligi sababli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 4-d sinf rahbari Shohida G‘afforova bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi», — deyiladi xabarda.

Qolaversa, maktab darsliklari va mashq daftarlarini tarqatilish jarayonini nazoratga olmagani va mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani sababli maktab direktori E.Hamrayev egallab turgan lavozimidan ozod qilingan.