Maktab darsliklari ijara puli doimiy ravishda bekor qilindi. Bu haqda xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilov 6 sentabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi. Avvaliga ijara puli faqat 2022/2023 o‘quv yili uchun bekor qilinganini ta’kidlagan vazir o‘rinbosari keyinroq, darsliklar doimiy ravishda bepul taqdim etilishini qayd etdi.

2022 yilga mo‘ljallangan Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun bilan XTV huzuridagi budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamg‘armasining budjetini tasdiqlangan. Bu yil darsliklarni chop etishga 1,1 trln so‘m yo‘naltirilishi reja qilingandi. Mablag‘larning bir qismi — 605 mlrd so‘m davlat budjetidan, qolgan qismi — fond mablag‘lari hisobidan (299,4 mlrd so‘m), shundan 283,4 mlrd so‘mi ijara to‘lovi bilan qoplanishi belgilangan.

Biroq, vazir o‘rinbosari prognozlardan 1,7 baravarga ko‘proq bo‘lgan boshqa summani qayd etdi. “Qonunchilikka ko‘ra, jamg‘arma mablag‘lari bu ijara tushumlaridan shakllanadi, bu yilning o‘zida ham 500 mlrd ijara tushumidan qoplanishi kerak edi”, — dedi Temur Komilov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tekin qilindi degani — bu yil ota-ona to‘lashi kerak bo‘lgan mablag‘ — 500 mlrd so‘mga yaqin summani davlat budjetdan yo‘naltirishini anglatadi. “Bu prezidentning o‘zining irodasi, tashabbusi”, — dedi vazir o‘rinbosari.

Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxodjayevning aniqlik kiritishicha, prezident Administratsiyasi rahbari topshirig‘i bilan tuzilgan ishchi guruh tomonidan vaziyat o‘rganilgach, hukumat darajasida va parlament tomonidan tasdiqlangan davlat budjeti asosida darsliklarni nashr etish va ularni moliyalashtirishning kelgusidagi tartibi belgilanadi.

U darsliklarni pullik ijaraga berish tizimi O‘zbekistonda 2000 yillar boshida Osiyo taraqqiyot banki loyihasi doirasida joriy etilganini eslatib o‘tdi.

Avvalroq, joriy o‘quv yilida o‘rtacha bir dona darslik (mashq daftari) uchun yagona ijara to‘lovi 5707 so‘mni tashkil etishi va o‘tgan o‘quv yilidagi miqdor (2740 so‘m)ga nisbatan 2 967 so‘mga (108%) oshgani haqida yozgandik. Mazkur xabardan so‘ng, tarmoqlarda foydalanuvchilar maktab darsliklari ijara narxi qimmatlashgani va birinchi chorakdan keyingina yangi kitoblar chiqarilishidan shikoyat qila boshlashdi. XTV esa buni qog‘oz narxlari va transport xarajatlari oshgani bilan izohladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP partiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev esa maktab darsliklarini pullik ijaraga olish Konstitutsiyaga zid ekanini ta’kidladi.

5 sentabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev maktab darsliklarining ijara to‘lovlari narxi keskin oshirilishi ortidan keng jamoatchilik, jumladan, ota-onalar tomonidan bildirilgan e’tirozlar fonida darsliklarni bepul ijaraga berishni tezkor yo‘lga qo‘yish yuzasidan topshiriq berdi.