O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 sentabr kuni asosiy mahsulotlar narxi barqarorligiga bag‘ishlangan yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi sohasi rahbarlarini tanqid qildi. Bu haqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

«Agrar sohada belgilab olgan katta islohotlarni jadal amalga oshirish birinchi navbatda ushbu soha rahbarlari [Shuhrat] G‘aniyev, [Aktam] Xaitov, yangi [qishloq xo‘jaligi] vaziri [Aziz] Voitov va o‘rinbosarlari fidoyiligiga bog‘liq. Bandlikni ko‘paytirish, kambag‘allikni qisqartirish ham birinchi galda qishloq xo‘jaligidagi o‘sishga bog‘liqligini ular tushunishi kerak», — dedi prezident.

U bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohasini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi, O‘zLiDeP partiyasi yetakchisi Aktam Xaitov «hali eskicha ishlayotgani, balandparvoz raqamlarga berilib ketgani»ni tanqid ostiga oldi.

Soha rahbarlarining vazifasi prezidentga katta-katta raqamlar bilan hisobot berish emas, qishloqdagi dehqon, fermer masalasini hal qilish, og‘irini yengil qilish ekani, lekin, muhim ishlar chetda qolib, qo‘shib yozishlar, noma’qul ishlar ko‘payib borayotgani qat’iy tanqid ostiga olindi.

Yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayev lavozimidan ozod etildi, vazir o‘rinbosari Shuhrat Mirzayevga hayfsan berildi.

«Bundan buyon G‘aniyevdan ham, Xaitovdan ham, yangi vazir Voitovdan ham juda qattiq so‘rov bo‘ladi», — dedi prezident.